102-modda. Tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Tashqi boshqaruv mahalliy davlat hokimiyati organining iltimosnomasi boʻlgan taqdirda xoʻjalik sudi tomonidan uzogʻi bilan bir yil muddatga uzaytirilishi mumkin.
Shaharni tashkil etuvchi korxonaning moliyaviy ahvolini uning faoliyatiga investitsiya kiritish, xodimlarni ishga joylashtirish, yangi ish joylarini yaratish yoʻli bilan hamda qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklashning boshqa usullari bilan yaxshilash rejasi tashqi boshqaruvni ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatdan koʻproq muddatga uzaytirish uchun asos boʻla oladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organi yoki davlat boshqaruv organining iltimosnomasiga binoan qarzdorning majburiyatlari yuzasidan kafillik berish sharti bilan shaharni tashkil etuvchi korxonani tashqi boshqaruv muddati besh yilgacha uzaytirilishi mumkin. Bunday holda qarzdor va uning kafili kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatlardan kechikmay kirishishlari shart.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan talablarga rioya qilinmasligi qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash uchun asos boʻladi.
