3-modda. Bankrot boʻlishga olib kelgan gʻayrihuquqiy xatti-harakatlar
Bankrotlik toʻgʻrisida (1054-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Bankrotlik boʻlishga olib kelgan gʻayrihuquqiy xatti-harakatlar deyilganda xoʻjalik yuritish subyektlari mansabdor shaxslarining yoki mulkdorlarining yoxud kreditorning (kreditorlarning) yoki oʻzga shaxslarning qasddan, uquvsizlik yoki beparvolik oqibatida sodir etgan, xoʻjalik yuritish subyekti yoxud kreditorga (kreditorlarga) ziyon yetkazgan xatti-harakatlari bilan bogʻliq qoidabuzarliklar tushuniladi.
Quyidagilar ham gʻayrihuquqiy xatti-harakatlarga kiradi:
qarzdor mol-mulkining hammasini yoki muayyan qismini yoxud uning majburiyatlarini yashirganlik;
qarzdorning xoʻjalik faoliyatini amalga oshirishi bilan bogʻliq hisob-kitobga doir har qanday hujjatlar yashirganlik, yoʻq qilib yuborganlik, qalbakilashtirganlik;
mol-mulkni (shu jumladan pul mablgʻalarini) yashirish maqsadida boshqa va yuridik va jismoniy shaxslarga berganlik;
buxgalteriya hujjatlariga zarur qaydlarni kiritmaganlik;
qarzdorning qarzga olingan va haqi toʻlanmagan mol-mulkining hammasi yoki muayyan qismini sotganlik, yoʻq qilib yuborganlik, garovga qoʻyganlik;
mansabdor shaxslar yoki mulkdorlarning shaxsiy manfaatlari yoki uchinchi shaxslarning manfaatlari yoʻlida xoʻjalik yuritish subyektining toʻlovga layoqatsizligini battar kuchaytirganlik;
kreditorlardan siylov olish yoki ularga tegishli toʻlovlarni boʻlib-boʻlib toʻlashga erishish uchun kreditorlarni chalgʻitish maqsadida oʻzini yolgʻondan (soxta) nochor deb eʼlon qilganlik;
kreditorga (kreditorlarga) ziyon yetkazish maqsadida boshqa har qanday usul bilan xoʻjalik yuritish subyektini atayin bankrotlikka duchor qilganlik;
boshqa kreditorlarga ziyon keltirgan holda muayyan kreditorning talablarini qondirishga afzallik berganlik, talabning ana shunday yoʻsinda qondirilishiga rozi boʻlganlik;
soliqlar va qarzlarni toʻlashdan qochib qutulish maqsadida qarzdorning atayin oʻzini oʻzi tugatganligi.
Bankrot boʻlishga olib kelgan gʻayrihuquqiy xatti-harakatlar sodir etgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishlari mumkin.
