“Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida (444-son)
04.09.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 25-apreldagi PQ-215-son qarori ijrosini taʼminlash hamda mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilgan, aholining tibbiy madaniyatini oshirishga munosib hissa qoʻshgan, xalqimiz salomatligini mustahkamlashda shaxsiy namuna koʻrsatgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillarini ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.
2. Quyidagilar:
“Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni va guvohnomasining tavsiflari 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyurtmasiga asosan “Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tayyorlanishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
4. “Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanishi inobatga olinsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.Sh. Inoyatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 4-sentabr,
444-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 4-sentabrdagi 444-son qaroriga 1-ILOVA
“Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Koʻkrak nishoni bilan kuyidagilar taqdirlanadi:
mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini umummilliy harakatga aylantirishga munosib hissa qoʻshgan barcha darajadagi idora va tashkilotlar hamda jamoatchilik vakillari;
jismoniy faollikni kundalik odatga aylantirib, uni oʻz jamoasi va aholi orasida targʻib qilishda alohida namuna boʻlayotgan shaxslar va sport murabbiylari;
zararli odatlarning oldini olish, bartaraf etish, ularga qarshi kurashishda ijobiy natijalarga erishgan va jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishda faollik koʻrsatgan fuqarolar;
aholining sogʻlom ovqatlanishini yoʻlga qoʻyish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratgan shaxslar;
hududning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi, atrof-muhit toza va ozodaligini taʼminlash, aholida sanitariya-gigiyenik koʻnikmalarni hosil qilish va mustahkamlash orqali kasalliklarning oldini olishga erishgan mutaxassislar;
surunkali kasalliklar profilaktikasida xavf omillarini bartaraf etish va turmush tarzini ijobiy tomonga oʻzgartirishga undaydigan dolzarb materiallar tayyorlagan ommaviy axborot vositalari vakillari;
profilaktik tibbiyotni rivojlantirishga va bu yoʻnalishda malakali kadrlarni tayyorlashga munosib hissa qoʻshgan tibbiyot sohasi xodimlari va boshqa mutaxassislar.
Koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
2-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun hujjatlarni taqdim etish va koʻrib chiqish
3. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari har yili 10-sentabrga qadar hududlardagi tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillarini koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha dastlabki takliflarni shakllantiradi hamda tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasiga (keyingi oʻrinlarda — hududiy sogʻliqni saqlash idoralari) taqdim etadi.
5. Hududiy sogʻliqni saqlash idoralari har yili 1-oktabrga qadar koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarni Sogʻliqni saqlash vazirligiga (keyingi oʻrinlarda — vazirlik) taqdim etadi.
6. Respublika darajasidagi davlat organlari, tashkilotlari va jamoat birlashmalari har yili 1-oktabrga qadar oʻz xodimlarini koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarni vazirlikka taqdim etadi.
7. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarga nomzodlar haqida quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
nomzod haqida maʼlumotnoma;
nomzodning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (fuqarolik pasporti yoki ID-karta);
nomzodning soʻnggi uch yil davomida oʻz hududida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish va aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi amaliy ishlari aks ettirilgan tavsifnoma.
8. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri (keyingi oʻrinlarda — vazir) tomonidan sohada koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan besh kishidan iborat tarkibda komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tashkil etiladi.
9. Komissiya tarkibi vazir tomonidan tasdiqlanadi.
Komissiya tarkibiga vazirlikning Jamoatchilik kengashi va sohadagi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat ekspertlar kiritilishi mumkin.
10. Komissiya yigʻilishida nomzodlarga oid hujjatlar belgilangan tartibda oʻrganiladi, mazkur Nizomga 2-ilovada belgilangan mezonlarga muvofiq baholanadi va oʻz takliflarini bildirilgan holda har yili 20-oktabrga qadar eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.
3-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi
11. Komissiya xulosasi asosida vazirning koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi har yili 1-noyabrga qadar chiqariladi.
12. Koʻkrak nishoni har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi — Tibbiyot xodimlari kuni arafasida vazir (yoki uning topshirigʻiga binoan boshqa masʼul shaxslar) tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.
13. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash, istisno tariqasida, vazirning buyrugʻiga asosan alohida holatlarda ham amalga oshirilishi mumkin.
14. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.
15. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlar roʻyxati vazirlikning rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
16. Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.
17. Koʻkrak nishoni davlat mukofotlaridan keyin koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Vazirlik mazkur Nizomga muvofiq koʻkrak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlar hujjatlarining xolis koʻrib chiqilishi uchun bevosita masʼuldir.
19. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash
SXEMASI
Bosqichlar Masʼullar Tadbirlar Muddatlar 1-bosqich Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari Hududlardagi tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillarini koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha dastlabki takliflarni shakllantiradi. Takliflarni tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasiga taqdim etadi. Har yili 10-sentabrga kadar 2-bosqich Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining takliflarini oʻrganib chiqib, Sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdim etadi. Har yili 1-oktabrga kadar Respublika darajasidagi davlat organlari, tashkilotlar va jamoat birlashmalari Respublika darajasidagi idoralar oʻz xodimlarini koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarni Sogʻliqni saqlash vazirligiga kiritadi. 3-bosqich Sogʻliqni saqlash vazirligi Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan komissiya tashkil etiladi. Komissiya yigʻilishida nomzodlarga oid hujjatlar belgilangan tartibda oʻrganiladi, oʻz takliflarini bildirgan holda eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi. Har yili 20-oktabrga qadar 4-bosqich Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi chiqariladi. Har yili 1-noyabrga qadar 5-bosqich Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri (yoki uning topshirigʻiga binoan boshqa masʼul shaxslar) Koʻkrak nishoni tantanali tarzda topshiriladi. Har yili noyabr oyining 2-yakshanbasi — Tibbiyot xodimlari kuni arafasida
“Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoniga nomzodlarni baholash
MEZONLARI
T/r Koʻrsatkichlarning nomlanishi Ball tizimi 1. Xalq salomatligini asrash, jumladan, sogʻliqni saqlash sohasidagi ibratli faoliyati va tizimdagi mehnat staji. 1 balldan 5 ballgacha 2. Aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan oʻquv qoʻllanmalari yaratgani, davra suhbatlari va xalq bilan uchrashuvlarda targʻibot-tashviqot ishlarini keng olib borayotgani. 1 balldan 5 ballgacha 3. Xalq salomatligi borasida oʻtkazilgan tanlovlarda faol ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgani, shogirdlari nufuzli tanlov va musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgani. 1 balldan 5 ballgacha 4. Oʻz hududida sanitariya-epidemiologik barqarorlikni taʼminlashga, aholining shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga rioya qilish koʻnikmalarini hosil qilish orqali yuqumli kasalliklar profilaktikasiga erishayotganligi. 1 balldan 5 ballgacha 5. Aholi salomatligini muhofaza qilish va ularda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish maqsadida “Salomatlik maktabi”ni yaratgani va faoliyatini samarali tashkil etayotgani 1 balldan 5 ballgacha 6. Oʻsib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sogʻlom va barkamol rivojlantirishga, jumladan, toʻgʻri ovqatlanishga va zararli odatlardan xoli boʻlish koʻnikmalarini shakllantirishga hissa qoʻshayotgani. 1 balldan 5 ballgacha 7. Oʻz hududi va mahallasida surunkali kasalliklar profilaktikasi, yurak-qon tomir, hazm aʼzolari tizimi surunkali kasalliklarining kamayishiga erishayotganligi. 1 balldan 5 ballgacha 8. Jamoasi va mahallada “Salomatlik burchagi” tashkil etilganligi va ulardagi maʼlumotlardan aholining foydalanish samaradorligi. 1 balldan 5 ballgacha 9. Oilada sogʻlom turmush tarzi yaxshi yoʻlga qoʻyilgani, oila aʼzolarining sport bilan muntazam shugʻullanishi va shaxsiy namuna koʻrsatgani, zarur sharoitlar va jihozlar bilan taʼminlangani. 1 balldan 5 ballgacha 10. Mahallada jismoniy faollik bilan shugʻullanuvchi “Eʼzozli ayollar” va “Faxriy nuroniylar” klublari faoliyatini yoʻlga qoʻyganligi. 1 balldan 5 ballgacha 11. Mahallasida jismoniy faollikni tizimli targʻib etayotgani va natijada toʻgʻri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilgan holda ortiqcha vazndan xolos boʻlgan fuqarolar ulushining koʻpayganligi. 1 balldan 5 ballgacha 12. Amalga oshirayotgan ibratli ishlarining ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishi darajasi. 1 balldan 5 ballgacha
Izoh. Nomzodlarning erishgan natijalari boʻyicha qoʻyilgan ballar jamlanib, eng yuqori koʻrsatkichni qayd etganlar koʻkrak nishoniga nomzod sifatida tavsiya etiladi.
Mazkur baholash mezonlarining koʻrsatkichlari davr talabidan kelib chiqqan holda komissiyaning tavsiyalari asosida sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 4-sentabrdagi 444-son qaroriga 2-ILOVA
“Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
“Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.
Koʻkrak nishonining old tomonida xalq salomatligi himoyasi maʼnosini ifodalovchi ramziy darvoza shaklidagi yashil emalli arka tasviri joylashgan boʻlib, uning quyi qismida koʻtarilayotgan quyosh nurlari fonida ochiq kaftlar ushlab turgan qizil rangdagi yurak shakli hamda koʻk rangda ishlangan sogʻlom turmush tarzini targʻib qiluvchi oila tasviri aks ettirilgan.
Koʻkrak nishonining yuqori aylanasi boʻylab oq emal fonida balandligi 3 millimetr boʻlgan “XALQ SALOMATLIGI POSBONI” yozuvi zarhal harflar bilan yozilgan.
Koʻkrak nishonining orqa tomonida, aylana markazida, toʻrt qatorda harflarning balandligi 1,8 millimetr boʻlgan “XALQ SALOMATLIGIGA QOʻSNGAN NISSASI UCNUN” soʻzlari joylashgan.
Koʻkrak nishonining qalinligi — 2,5 millimetr. Tasvirlar va yozuvlar qabariq.
Koʻkrak nishoni old va orqa tomonlarining chetlari qavariq doira bilan oʻralgan.
Koʻkrak nishoni halqa va ilmoqchalar yordamida toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi qadagʻichga ulangan. Qadagʻichning eni — 26 millimetr, boʻyi — 17 millimetrdan iborat.
Qadagʻich eni 22 millimetrli shoyi lenta bilan qoplangan boʻlib, ikki chekkadagi koʻk rangli yoʻllar eni 4 millimetrni, oʻrtadagi koʻk rangli yoʻlning eni 3 millimetrni tashkil etadi. Uning orasida eni 3,5 millimetrli ikkita qizil rangdagi yoʻllar oʻtgan. Koʻk va qizil rangdagi yoʻllarni eni 1 millimetr boʻlgan 4 ta oq rangdagi yoʻllar ajratib turadi.
Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.
“Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 4-sentabrdagi 444-son qaroriga 3-ILOVA
“Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni guvohnomasining
TAVSIFI
“Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni guvohnomasi (keyingi oʻrinlarda — guvohnoma) 160x110 millimetr oʻlchamdagi kitobcha shaklida boʻlib, 240 g/kv.m. qalinlikdagi ofset qogʻozdan tayyorlanadi.
Guvohnomaning tashqi tomoni (birinchi va toʻrtinchi betlari) koʻk rangda boʻlib, plyonka bilan qoplangan.
Guvohnomaning yuqori chekkasidan (birinchi beti) 36 millimetr pastda, markazda, oraligʻi 3,5 millimetrli uch satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “XALQ”, ikkinchi satrda “SALOMATLIGI POSBONI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 14 kegl), uchinchi satrda “koʻkrak nishoni” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 14 kegl) soʻzlari yozilgan. Undan 14 millimetr pastda “GUVONNOMASI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 17 kegl) soʻzi yozilgan.
Yozuvlar oq rangda aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki tomoni (ikkinchi va uchinchi betlari) “Tangir” tasviri tushirilgan och yashil rangda boʻlib, ofset usulida chop etilgan.
Ichki tomonining chap qismida (ikkinchi beti), markazda, koʻkrak nishonining asliga teng oʻlchamdagi rangli tasviri aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki oʻng tomoni (uchinchi beti) yuqori chekkasidan 8 millimetr pastda, markazda, “GUVONNOMA №” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzi va 15 millimetrli chiziq joylashgan.
Undan 10 millimetr pastda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oraligʻi 8 millimetrli uchta chiziq tortilgan.
Pastki chiziqdan 6 millimetr quyida, markazda, oraligʻi 2 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Oʻzbekiston Respublikasi”, ikkinchi satrda “sogʻliqni saqlash vazirining” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 7 millimetr pastda oraligʻi 4 millimetr boʻlgan ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “20___ u. “____” ____________dagi”, ikkinchi satrda “____-sonli buyrugʻiga asosan” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 5 millimetr pastda, markazda, oraligʻi 5 millimetrli uch satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “XALQ SALOMATLIGI”, ikkinchi satrda “POSBONI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 14 kegl), uchinchi satrda “koʻkrak nishoni bilan mukofotlandi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Soʻnggi soʻzlardan 9 millimetr pastda, chap tomonda, “VAZIR” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzi yozilgan.
