9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining gidrotexnika inshootlari xavfsizligi sohasidagi vakolatlari
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida (O‘RQ-865-son) · Sana: 30.08.2023 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi:
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasidagi davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
gidrotexnika inshootlaridan foydalanish qoidalariga muvofiq ularning xavfsiz ishlashini taʼminlaydi;
gidrotexnika inshootlarini modernizatsiya qilish, qurish, rekonstruksiya qilishga doir ishlarning sifatli boʻlishini taʼminlaydi, shuningdek loyihalarning davlat ekspertizasini hamda ularga ilmiy-texnika hujjatlari ilova qilinishini taʼminlaydi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasida fan-texnika yutuqlarining amaliyotga tizimli ravishda joriy etilishini tashkil qiladi, taʼlim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasidagi integratsiyani kuchaytiradi;
xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, chet el investitsiyalari va texnik yordam mablagʻlarini jalb etadi, loyihalashtirish va davlat ekspertizasini oʻtkazish uchun malakali chet el ekspertlarini hamda konsalting tashkilotlarini jalb etadi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasidagi zamonaviy texnologiyalarning, qurilish materiallarining hamda ilgʻor xorijiy tajribaning qoʻllanilishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
