3-modda. Asosiy tushunchalar
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida (O‘RQ-865-son) · Sana: 30.08.2023 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
gidrotexnika inshootlari — suv omborlari toʻgʻonlari, daryolar, soylar, kanallar va kollektorlardagi toʻgʻonlar, daryolarning oʻzanlarini toʻsuvchi inshootlar, suv olish, suv oʻtkazish, suv tashlash hamda qirgʻoqlarni himoya qilish inshootlari, gidroelektrostansiyalar, nasos stansiyalari;
gidrotexnika inshootlarini konservatsiyalash — gidrotexnika inshootlarini qurishni yoki ulardan foydalanishni vaqtincha toʻxtatgan holda ularni saqlab turishga doir chora-tadbirlar majmui;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi — gidrotexnika inshootlarining fuqarolar hayoti, sogʻligʻi va qonuniy manfaatlari, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulki, atrof-muhit va xoʻjalik obyektlari himoya qilinishini taʼminlash imkonini beruvchi holati;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi deklaratsiyasi — gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini asoslovchi hujjat;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi mezonlari — gidrotexnika inshootlari holatining va ulardan foydalanish shartlarining gidrotexnika inshootlari avariyasi xavfining yoʻl qoʻyiladigan darajasiga muvofiq boʻlgan miqdor va sifat koʻrsatkichlarining cheklangan qiymati;
foydalanuvchi tashkilot — balansida gidrotexnika inshooti mavjud boʻlgan yoki undan foydalanish huquqiga ega boʻlgan tashkilot.
