11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining gidrotexnika inshootlari xavfsizligi sohasidagi vakolatlari
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida (O‘RQ-865-son) · Sana: 30.08.2023 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi:
gidrotexnika inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilishda shaharsozlik hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, milliy standartlarga, qurilish ishlari texnologiyalariga, qurilish materiallarining va buyumlarining sifatiga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
gidrotexnika inshootlarini loyihalashtirish va qurish sohasidagi texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlarni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
gidrotexnika inshootlarini sinflarga boʻlish normalari va qoidalarini tasdiqlaydi;
gidrotexnika inshootlarini qurishda buyurtmachi tashkilotning texnik nazoratni amalga oshirish boʻyicha ishlari, loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini amalga oshirishga doir ishlari, shuningdek pudrat tashkiloti tomonidan ichki nazoratni amalga oshirish boʻyicha ishlar tekshirilishini tashkil etadi;
qurilishi tugallangan gidrotexnika inshootlarini foydalanishga qabul qilishda ishtirok etadi;
gidrotexnika inshootlarini seysmik jihatdan zaiflik darajasi boʻyicha tasniflashda, shuningdek ularning instrumental-texnik tekshiruvida hamda zilzilabardoshligini oshirishga doir tadbirlarda ishtirok etadi;
gidrotexnika inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlari loyihalarining davlat ekspertizasini taʼminlaydi;
gidrotexnika inshootlarining loyihalashtirilishi va qurilishi jarayonida ishlarning sifati ustidan tekshiruv hamda texnik nazorat amalga oshirilishini taʼminlaydi, qurilish jarayonida kamchiliklar va nuqsonlar aniqlangan hollarda esa ularni bartaraf etish yuzasidan choralar koʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
