Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (409-son)
22.08.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq kadastr sohasida davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash, shuningdek, roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish tartibini joriy qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilash;
roʻyxatdan oʻtkazuvchining malaka oshirganligi toʻgʻrisidagi sertifikat hamda attestatsiyadan oʻtganligi haqidagi guvohnomalar shaklini tasdiqlash.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 22-avgust,
409-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 22-avgustdagi 409-son qaroriga ILOVA
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
attestatsiya guvohnomasi — roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning ushbu Nizomda belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjat;
attestatsiya komissiyasi — Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligida (keyingi oʻrinlarda — Kadastr agentligi) tashkil etiladigan va doimiy asosda ishlaydigan roʻyxatdan oʻtkazuvchilarni attestatsiyadan oʻtkazuvchi komissiya;
roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish — tegishli oʻquv dasturlari va rejalari asosida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasiga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarning malaka va koʻnikmalarini muntazam ravishda yangilab borish orqali ularning kasbiy mahorati oshirilishini taʼminlashga qaratilgan oʻqitish shakli;
malaka talablari — roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalari darajasiga qoʻyiladigan talablar majmui;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ — Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi;
sertifikat — roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning ushbu Nizomda belgilangan tartibda malakasini oshirganligini tasdiqlovchi hujjat;
oʻquv dasturi — roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasida bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishning umumiy tartibini belgilovchi hujjat;
oʻquv rejasi — oʻquv fanlari va kurslarining tarkibi, ularni oʻrganishning izchilligi va soatlardagi hajmini belgilovchi hujjat.
3. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning malakasi ularning lavozim majburiyatlarini bajarishi uchun zarur boʻlgan kasbiy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini saqlab turish maqsadida oshiriladi.
4. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilar attestatsiyadan ularning kasbiga munosibligi darajasini xolisona baholash, qonunchilikda belgilangan malaka talablariga muvofiqligini aniqlash hamda zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish yuzasidan masʼuliyatini oshirish maqsadida oʻtkaziladi.
5. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish tartibi
6. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish Kadastr agentligining Toshkent geodeziya va kartografiya kolleji Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda — markaz) tomonidan amalga oshiriladi.
7. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning malakasi har uch yilda kamida bir marta oshiriladi.
Malaka oshirish kurslari koʻp bilan yetmish ikki soatni tashkil etadi.
8. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ Oʻzbekiston Respublikasining “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning reyestrini (keyingi oʻrinlarda — reyestr) yuritadi.
Reyestrda roʻyxatdan oʻtkazuvchining familiyasi, ismi va otasining ismi, lavozimi, maʼlumoti, mutaxassisligi, mehnat staji, malakasini oshirgan va attestatsiyadan oʻtgan vaqti hamda boshqa zarur maʼlumotlar aks ettiriladi.
9. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ reyestrdagi maʼlumotlarga asosan roʻyxatdan oʻtkazuvchining malaka oshirish muddati kelishidan oʻn besh kun oldin uning malakasini oshirish boʻyicha markazga murojaat qiladi.
10. Markaz roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning murojaatini kelib tushgan kundan boshlab besh kun ichida koʻrib chiqadi va roʻyxatdan oʻtkazuvchini malaka oshirish kursiga qabul qiladi yoki qabul qilishni rad etadi hamda bu haqda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni xabardor qiladi.
11. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ taqdim qilgan maʼlumotlar toʻliq boʻlmaganda yoki notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etgan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning murojaati rad etiladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning murojaatini boshqa asoslarga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilar markaz tomonidan belgilangan vaqt davomida malaka oshirish kurslarida ishtirok etishi va ular ushbu davr mobaynida markazning ichki tartib-qoidalariga rioya qilishi shart.
Markaz roʻyxatdan oʻtkazuvchi malaka oshirish kurslarida uzrsiz sabablarga koʻra qatnashmasa yoki ichki tartib-qoidalarni buzsa, bu haqda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni xabardor qilgan holda uni malaka oshirish kursidan chetlatishi mumkin.
13. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish oʻquv dasturlari va rejalari markaz tomonidan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bilan birgalikda ishlab chiqiladi.
14. Malaka oshirish oʻquv dasturlari va rejalari roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning asosiy faoliyat yoʻnalishlariga muvofiq boʻlishi kerak.
15. Malaka oshirish kurslari tamomlangandan soʻng roʻyxatdan oʻtkazuvchilar markaz tomonidan test shaklida sinovdan oʻtkaziladi.
Malaka oshirish kurslarida oʻtilgan oʻquv dasturlari va rejalari asosida elliktadan iborat test tuziladi hamda ularni tuzishda boshqa manbalardan foydalanish taqiqlanadi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchilarga test sinovlarini topshirish uchun bir soat vaqt beriladi.
16. Test sinovlari natijasiga koʻra ellik olti foizdan yuqori ball toʻplagan roʻyxatdan oʻtkazuvchilar test sinovidan oʻtgan hisoblanadi hamda ularga koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchining malaka oshirish kurslarida oʻqiganligi toʻgʻrisida ushbu Nizomga 2-ilovadagi namunaga muvofiq sertifikat beriladi.
17. Test sinovlaridan oʻta olmagan yoki malaka oshirish kurslaridan chetlatilgan roʻyxatdan oʻtkazuvchilar olti oy davomida malaka oshirish kurslarida qayta oʻqitiladi.
Bunda malaka oshirish bilan bogʻliq xarajatlar roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Test sinovlaridan oʻta olmagan yoki malaka oshirish kurslaridan chetlatilgan roʻyxatdan oʻtkazuvchilar malaka oshirish kurslarida qayta oʻqib, test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtguniga qadar ularning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish harakatlarini amalga oshirish vakolati roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan cheklanadi.
18. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilar malaka oshirish kurslari yakunlari boʻyicha oʻtkaziladigan test sinovlaridan takroran oʻta olmagan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bir oy muddat ularni boshqa ishga oʻtkazish masalasini koʻrib chiqadi.
19. Markaz roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning malaka oshirganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi.
20. Markaz malaka oshirish kurslarini bitirib, sertifikat olgan roʻyxatdan oʻtkazuvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni malaka oshirish tugaganidan keyin besh ish kunida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etadi.
21. Taqdim etilgan maʼlumotlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning reyestriga kiritib boriladi.
22. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish bilan bogʻliq xarajatlar markaz rahbari va roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ oʻrtasida shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi.
Malaka oshirish kurslarida qatnashayotgan roʻyxatdan oʻtkazuvchilarni oʻqitish qiymati markazning asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq Kadastr agentligi tomonidan belgilanadi.
23. Malaka oshirish davrida roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning ish joyi boʻyicha oʻrtacha ish haqi va lavozimi saqlanadi.
3-bob. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi
24. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilar har uch yilda bir marta attestatsiyadan oʻtkaziladi.
25. Oliy taʼlim muassasalarini tugatgan va egallagan mutaxassislik boʻyicha birinchi marta ishga kirgan shaxslar, agar ular mazkur mutaxassislik boʻyicha ikki yildan kam ishlagan boʻlsa, attestatsiyadan oʻtkazilmaydi.
26. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish uchun Kadastr agentligida kamida besh nafardan iborat tarkibda attestatsiya komissiyasi tuziladi.
27. Attestatsiya komissiyasi tarkibi Kadastr agentligi direktori tomonidan tasdiqlanadi.
Kadastr agentligi direktorining tegishli oʻrinbosari attestatsiya komissiyasining raisi hisoblanadi.
Attestatsiya komissiyasi tarkibiga kelishuvga koʻra ilmiy va oliy taʼlim muassasalari vakillari kiritilishi mumkin.
28. Attestatsiya komissiyasi raisi:
attestatsiya komissiyasi majlislarida raislik qiladi;
attestatsiyani oʻtkazish joyi va muddatlarini belgilaydi;
attestatsiyadan oʻtkaziladiganlarning roʻyxat boʻyicha tarkibini belgilaydi;
attestatsiyani oʻtkazish boʻyicha boshqa tashkiliy masalalarni hal qiladi.
Attestatsiya komissiyasi raisi boʻlmagan taqdirda, uning vazifalarini rais oʻrinbosari amalga oshiradi.
29. Kadastr agentligining tegishli tarkibiy boʻlinmasi attestatsiya komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
Ishchi organ:
attestatsiyani oʻtkazish jadvalini tuzadi va tasdiqlash uchun attestatsiya komissiyasi raisiga taqdim etadi;
roʻyxatdan oʻtkazuvchining hujjatlarini shakllantiradi va tayyorlaydi;
attestatsiyani oʻtkazish sanasi va joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni attestatsiya komissiyasi aʼzolariga hamda tegishli roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlarga yetkazadi;
attestatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etishga doir boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
30. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning belgilangan muddatlarda attestatsiyadan oʻtishini taʼminlashga tegishli roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.
31. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ roʻyxatdan oʻtkazuvchining attestatsiyadan oʻtish muddati kelishidan ikki oy oldin uni attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida attestatsiya komissiyasiga murojaat qiladi va quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
roʻyxatdan oʻtkazuvchining diplomidan nusxa, agar chet elda taʼlim olgan boʻlsa, chet mamlakatlarda taʼlim olganligini tasdiqlovchi hujjatning va vakolatli davlat organi tomonidan berilgan, taʼlim olganligi toʻgʻrisidagi hujjatning tan olinganligi yoki ekvivalentligi qayd etilgan guvohnoma nusxasi;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ rahbari nomidan tavsifnoma;
malaka oshirish kurslarida oʻqiganlik toʻgʻrisidagi sertifikat nusxasi.
Taqdim etilgan hujjatlar qaytarib berilmaydi.
Quyidagi hujjatlar attestatsiya komissiyasi tomonidan tegishli roʻyxatdan oʻtkazuvchi organdan mustaqil ravishda, shu jumladan, “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadi:
shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
maʼlumoti toʻgʻrisidagi diplom nusxasi.
32. Hujjatlar kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kuni muddatda koʻrib chiqiladi. Taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, attestatsiyaga qoʻyish rad etiladi va tegishli roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga bildirishnoma yuboriladi va unda aniqlangan kamchiliklar, kamchiliklarni bartaraf etish hamda takroriy koʻrib chiqish uchun hujjatlarni taqdim etish muddati koʻrsatiladi.
Hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, Attestatsiya komissiyasi tomonidan bir oy muddatda roʻyxatdan oʻtkazuvchi attestatsiyadan oʻtkaziladi.
33. Attestatsiyadan oʻtishning rad etilishiga asos boʻlgan kamchiliklar bir oy muddatda bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlar takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etilishi mumkin.
34. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ taqdim qilgan maʼlumotlar toʻliq boʻlmaganda yoki notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilgan taqdirda, attestatsiyadan oʻtishning rad etilishi uchun asos hisoblanadi.
Attestatsiyadan oʻtishga boshqa asoslar boʻyicha rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
35. Attestatsiya komissiyasi attestatsiyaning oʻtkazilish joyi va vaqti toʻgʻrisida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga attestatsiya oʻtkaziladigan sanadan kamida oʻn kun oldin bildirishnoma yuboradi.
36. Attestatsiya komissiyasi, agar uning majlisida komissiya aʼzolarining yarmidan koʻpi qatnashsa, vakolatli hisoblanadi.
37. Attestatsiya suhbat shaklida oʻtkaziladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi bilan uning kasb faoliyatiga bogʻliq boʻlgan asoslar boʻyicha suhbat oʻtkaziladi.
Suhbat jarayoni uzluksiz videotasvirga (ovozli) tushiriladi va videotasvir kamida bir yil saqlanadi.
Savollarning aniq roʻyxati va attestatsiya komissiyasining ish reglamenti Kadastr agentligi direktori tomonidan tasdiqlanadi.
38. Attestatsiya komissiyasi roʻyxatdan oʻtkazuvchining bilim va ish tajribasini hisobga olib:
roʻyxatdan oʻtkazuvchini attestatsiyadan oʻtgan deb eʼtirof etish va unga attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani berish haqida;
roʻyxatdan oʻtkazuvchini attestatsiyadan oʻtmagan deb eʼtirof etish va unga attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani berishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
39. Attestatsiya komissiyasining qarorlari attestatsiya komissiyasining majlisida hozir boʻlgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovoz berish roʻyxatdan oʻtkazuvchining ishtirokisiz oʻtkaziladi.
40. Attestatsiya komissiyasining qarori attestatsiya komissiyasining raisi va kotibi tomonidan imzolanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, raisning ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
41. Attestatsiya natijalari ovoz berish jarayoni tamom boʻlgandan keyin darhol eʼlon qilinadi.
42. Roʻyxatdan oʻtkazuvchiga ikki ish kuni ichida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchining attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida ushbu Nizomga 3-ilovadagi namunaga muvofiq guvohnoma beriladi.
Guvohnomaning amal qilish muddati — uch yil.
43. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi attestatsiyadan oʻtmagan deb topilgan taqdirda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ uni takroriy attestatsiyadan oʻtkazish uchun attestatsiya oʻtkazilgan kundan kamida uch oy oʻtgach, biroq olti oydan kechikmay attestatsiya komissiyasiga murojaat qiladi.
Agar roʻyxatdan oʻtkazuvchi takroriy attestatsiyadan oʻta olmasa, attestatsiya komissiyasi uning ish joyiga bu haqda bildirishnoma yuboradi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bildirishnoma kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun ichida roʻyxatdan oʻtkazuvchini mehnat qonunchiligiga muvofiq egallab turgan lavozimidan ozod qilish yoxud boshqa ishga oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishi va koʻrilgan choralar toʻgʻrisida uch kun muddatda Kadastr agentligini yozma ravishda xabardor qilishi shart.
44. Attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning haqiqiyligini Kadastr agentligining rasmiy veb-sayti orqali uning identifikatsiya raqamini kiritish yoki undagi QR-kodni skaner qilish yoʻli bilan tekshirish mumkin.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
45. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
46. Homilador ayollar, shuningdek, uch yoshgacha bolalari bor ayollardan muddati kelishidan qatʼi nazar, malakasini oshirish hamda attestatsiyadan oʻtish talab etilmaydi.
47. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning malaka oshirish va attestatsiyadan oʻtish jarayonida huquq va manfaatlari buzilgan taqdirda, belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
48. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari Roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish uchun Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziga xat yuboradi. Malaka oshirish muddati kelishidan 15 kun oldin 2-bosqich Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi 1. Roʻyxatdan oʻtkazuvchini malaka oshirish kursiga qabul qiladi yoki qabul qilishni rad etadi hamda bu haqda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni xabardor qiladi. Xat kelib tushgan kundan boshlab 5 kun ichida 2. Malaka oshirish oʻquv kurslarini tashkil qiladi. Eng koʻp hajmi 72 soat 3. Test sinovlaridan oʻta olmagan yoki malaka oshirish kurslaridan chetlatilgan roʻyxatdan oʻtkazuvchilarni malaka oshirish kurslarida qayta oʻqitadi. Olti oy davomida 4. Malaka oshirish kurslarida oʻqiganlik toʻgʻrisida sertifikat beradi. Oʻquv kurslari yakunlangandan soʻng 5. Markaz malaka oshirish kurslarini bitirib, sertifikat olgan roʻyxatdan oʻtkazuvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etadi. Malaka oshirish tugaganidan keyin besh ish kunida 3-bosqich Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari Attestatsiya komissiyasiga roʻyxatdan oʻtkazuvchini attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida xat yuboradi. Attestatsiyadan oʻtish muddati kelishidan 2 oy oldin 4-bosqich Attestatsiya komissiyasi 1. Roʻyxatdan oʻtkazuvchining hujjatlarini koʻrib chiqadi. 2 ish kuni ichida 2. Attestatsiyaning oʻtkazilish joyi va vaqti toʻgʻrisida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni xabardor qiladi. Attestatsiya oʻtkaziladigan sanadan kamida 10 kun oldin 3. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilarni attestatsiyadan oʻtkazadi. Bir oy muddatda 4. Roʻyxatdan oʻtkazuvchiga attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisida guvohnoma beradi. 2 ish kuni ichida 5-bosqich Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari 1. Attestatsiyadan oʻtmagan deb topilgan roʻyxatdan oʻtkazuvchini takroriy attestatsiyadan oʻtkazish uchun attestatsiya komissiyasiga xat yuboradi. Attestatsiya oʻtkazilgan kundan kamida 3 oy oʻtgach, biroq 6 oydan kechikmay 2. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi takroriy attestatsiyadan oʻta olmasa, roʻyxatdan oʻtkazuvchini mehnat qonunchiligiga muvofiq egallab turgan lavozimidan ozod qilish yoxud boshqa ishga oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi. Attestatsiya komissiyasining xati kelib tushgan kundan boshlab 10 kun ichida 3. Koʻrilgan choralar toʻgʻrisida Kadastr agentligini yozma ravishda xabardor qiladi. 3 kun ichida
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchining malaka oshirish kurslarida oʻqiganligi toʻgʻrisida SERTIFIKAT MO № 000000000 (roʻyxatdan oʻtkazuvchining F.I.O.) 20____-yil “____” -_____________dan 20____ -yil “____” -_____________gacha Toshkent geodeziya va kartografiya kolleji Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida ______ soatga moʻljallangan (kurs hajmi) malaka oshirish kursini tamomladi. (malaka oshirish kursining nomi) Sertifikat _________________________gacha amal qiladi. (yil, kun va oy) Markaz direktori_______________________________________________ Markaz direktori____________(imzo va muhr)_______ ________(F.I.O.)
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchining attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida GUVOHNOMA ______________ №____________ (seriyasi)_____ _______________ Ushbu bilan __________________________________________________________________________ning (roʻyxatdan oʻtkazuvchining F.I. O.) Kadastr agentligida attestatsiyadan oʻtganligi tasdiqlanadi va u roʻyxatdan oʻtkazuvchi lavozimida ishlashi mumkin. Guvohnoma ___________________________gacha amal qiladi. (yil, kun va oy) Attestatsiya komissiyasi raisi__________________________________ Markaz direktori____________ (imzo)_______ ________ (F.I.O.) QR-code
