Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. Abduxakimovning “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar holati toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (3331-IV-son)
04.07.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. Abduxakimovning “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar holati toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, keyingi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni hal etish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablaridan kelib chiqib, shuningdek mamlakatimizda amalga oshirilgan maʼmuriy islohotlar doirasida Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga aylantirildi va uning vakolatlari, vazifa va funksiyalari, faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.
Vazirlik oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanishda qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat ekologik nazoratini amalga oshirishi hamda oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish doirasida mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bir qator ishlarni amalga oshirgan.
Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika miqyosida 2022-yilda 202,7 mln. tup, 2023-yil bahor mavsumida 127,7 mln. tup daraxt koʻchatlari ekilgan.
2022-yilda 186 ta tuman va shaharda 588 gektar maydonda “yashil bogʻlar”, 662 gektar maydonda “yashil jamoat parklari” barpo etilgan. Ekilgan daraxtlar koʻkaruvchanligini taʼminlash uchun 120 km. sugʻorish tarmoqlari barpo etilgan va 155 ta suv chiqarish qudugʻi qazilgan hamda obodonlashtirish boshqarmalari 45 ta maxsus texnika va mexanizmlar bilan taʼminlangan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida aholi bandligi va daromadlarini oshirish maqsadida koʻchat yetishtirish ishlariga tadbirkorlik subyektlari va ishsiz fuqarolar keng jalb etilgan. Jumladan, joriy yilda aholi tomorqalarida 55 mln. tupdan ziyod, tadbirkorlik subyektlari tomonidan 49 mln. tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt hamda buta koʻchatlari yetishtirilgan.
Koʻchatlar narxlarining barqarorligini taʼminlash maqsadida 1 043 ta koʻchat yarmarkasi va savdo nuqtasi barpo etilgan, olimlar va tajribali mutaxassislardan iborat ekspert guruhlari tomonidan 1 353 ta amaliy seminar oʻtkazilib, koʻchat ekish ishlarida aholiga amaliy yordam koʻrsatilgan.
Mevali va manzarali daraxtlar koʻchatlarini ekish va parvarish qilishga oid 1 000 nusxada ilmiy qoʻllanma tayyorlanib, joylardagi mutasaddilarga tarqatilgan.
Shu bilan birga aholi punktlarini koʻkalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida bir qator sohalarda oxiriga yetkazilmagan ishlar mavjud.
Vazirlik tomonidan daraxtlarni toʻliq raqamlashtirish yoʻli bilan xatlovdan oʻtkazish ishlari yakuniga yetkazilmagan.
“Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi Qonunni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish boʻyicha manfaatdor idoralar bilan birga takliflar ishlab chiqilmagan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2022-yilda ayrim tuman va shaharlarda daraxt hamda buta koʻchatlarini ekish borasida belgilangan reja koʻrsatkichlari bajarilmasdan qolgan.
Koʻchatlarni sugʻorish tizimini hisobga olmasdan ekilganligi, 2022-yil bahor mavsumida ekilgan koʻchatlarni suvsizlikdan qurish holatlari aniqlangan.
Oʻrmonchilik va oʻrmon koʻchatchiligini rivojlantirish, koʻchatxonalar sonini oshirish, ilmiy yondashuv asosida hududlarda iqlimga mos, kam suv talab qiladigan daraxt navlarini koʻpaytirish ishlari talab darajasida emas.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. Abduxakimovning “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar holati toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi:
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublikadagi daraxtlarni toʻliq raqamlashtirish orqali xatlovdan oʻtkazishni yakuniga yetkazish;
“Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish, shuningdek qonunchilik hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlarning haqqoniyligi va natijadorligini nazorat qilish hamda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish;
oʻrmonchilik va oʻrmon koʻchatchiligini rivojlantirish, koʻchatxonalar sonini oshirish, ilmiy yondashuv asosida hududlarda iqlimga mos, kam suv talab qiladigan daraxt navlarini koʻpaytirish;
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari bilan jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda hamkorlik qilish choralarini koʻrsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlarni tizimli muhokama qilib borish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirsin.
5. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari X. Gapporov zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 4-iyul,
3331-IV-son
