Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Elektron parlament” tizimini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlislarini aholiga toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatish tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida (3374-IV-son)
24.07.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Elektron parlament” tizimi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlislarini aholiga toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatish tizimini takomillashtirishga doir ishlarni tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-dekabrdagi PQ-67-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida ustuvor yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan Amaliy harakatlar rejasi (“Yoʻl haritasi”) 10-bandining ijrosi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Koreya Respublikasining Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) oʻrtasida muhokamalar bayonnomasi imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Elektron parlament” tizimini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlislarini aholiga toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatish tizimini takomillashtirish” loyihasi doirasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi faoliyatiga “Elektron parlament” tizimini joriy etishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha komissiya hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Devoni “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Elektron parlament” tizimi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlislarini aholiga toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatish tizimini takomillashtirish” loyihasini samarali tashkil etish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Qodirov zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 24-iyul,
3374-IV-son
