“Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida maxsus oʻquv-ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (374-son)
14.08.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda taʼlim berish sifatini oshirish hamda ular faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 18-apreldagi PQ-209-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Koʻzi ojiz va koʻrishda nuqsoni boʻlgan bolalarning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash, ularni kasb-hunarga oʻrgatish hamda kasb egallashiga koʻmaklashish, ijtimoiy hayotga tayyorlab borish maqsadida Andijon viloyatining 16-son “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatida koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalarning mehnat qilishi uchun tajriba-sinov tariqasida maxsus oʻquv-ishlab chiqarish korxonasi (keyingi oʻrinlarda — oʻquv-ishlab chiqarish korxonasi) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab oʻquv-ishlab chiqarish korxonasi faoliyati natijalaridan kelib chiqib, mazkur tajribani respublikaning boshqa hududlaridagi “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida ham joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Belgilansinki, 2023-yil 1-sentabrdan boshlab respublikaning barcha 16 ta “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida oʻquv-ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Bunda oʻquv-ishlab chiqarish korxonalari “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida oʻquv-ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishning maqsadli parametrlari (keyingi oʻrinlarda — parametr) asosida 1-ilovaga muvofiq bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari:
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari hududidan oʻquv-ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish uchun zarur yer maydonlarini ajratsin;
“Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida mavjud infratuzilma hamda oʻquvchilarining qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqib, parametrlarda koʻrsatilgan muddatlarda oʻquv-ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etsin;
tashkil etilgan oʻquv-ishlab chiqarish korxonalarini zarur uskunalar, maxsus jihozlar, ish qurollari va anjomlar bilan taʼminlasin hamda ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlar realizatsiya qilinishida amaliy yordam koʻrsatsin.
5. “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari oʻquv-ishlab chiqarish korxonasini jihozlash uchun talab etiladigan asbob-uskunalar va jihozlarning namunaviy roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Belgilansinki, oʻquv-ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish, zarur asbob-uskunalar va jihozlar, xom ashyo bilan taʼminlash hamda saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari prognozining orttirib bajarilgan mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
7. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Oʻquv-ishlab chiqarish korxonasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;
Oʻquv-ishlab chiqarish korxonasining yoʻnalishlaridan kelib chiqib, oʻquvchilarni kasbga oʻqitish uchun maxsus oʻquv rejasi va dasturlarini ishlab chiqsin.
8. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova hamda ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-avgust,
374-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 374-son qaroriga 1-ILOVA
“Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida oʻquv-ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishning maqsadli
PARAMETRLARI
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 374-son qaroriga 2-ILOVA
“Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari oʻquv-ishlab chiqarish korxonasini jihozlash uchun talab etiladigan asbob-uskunalar va jihozlarning
NAMUNAVIY ROʻYXATI
