7-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining adliya organlari tomonidan oʻtkaziladigan korrupsiyaga qarshi ekspertizasi
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-860-son) · Sana: 08.08.2023 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarining;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan buyruqlari hamda qarorlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining hududiy boʻlinmalari:
xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashi qarorlari loyihalarining;
viloyat, tuman (shahar) hokimi qarorlari loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazadi.
Adliya organlari normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini quyidagilarga asosan oʻtkazadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining va ular organlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshiriqlariga;
normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish rejalariga;
oʻz ish rejalariga;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga;
jamoatchilik nazorati subyektlarining takliflari va tavsiyalariga;
normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi boʻyicha amalga oshirilgan huquqiy monitoring natijalariga;
oʻrganishlar jarayonida, shu jumladan bevosita joylarda oʻtkazilgan oʻrganishlar jarayonida olingan (aniqlangan) maʼlumotlarga.
Adliya organlari normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻz tashabbusiga koʻra ham oʻtkazishi mumkin.
Adliya organlari normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish uchun boshqa davlat organlarining vakillarini, shuningdek mustaqil va ilmiy ekspertlarni hamda oʻzga tashkilotlarning vakillarini shartnomaga asosan jalb etishga haqli.
