22-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining mustaqil va ilmiy ekspertlar tomonidan oʻtkaziladigan korrupsiyaga qarshi ekspertizasi
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-860-son) · Sana: 08.08.2023 · Amalda
Davlat organlari va tashkilotlari normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish uchun mustaqil va ilmiy ekspertlarni shartnomaga asosan jalb etishga haqli.
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish boʻyicha ekspertlar reyestriga kiritilgan ilmiy tashkilotlarning hamda oliy taʼlim tashkilotlarining vakillari va boshqa jismoniy shaxslar normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazuvchi mustaqil va ilmiy ekspertlardir.
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining mustaqil va ilmiy ekspertlar tomonidan oʻtkaziladigan korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijalariga koʻra xulosa beriladi. Mazkur xulosa tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy ravishda koʻrib chiqilishi lozim.
Davlat organlari va tashkilotlari mustaqil va ilmiy ekspertlar tomonidan taqdim etilgan xulosani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha maʼlumotnoma tuzib, keyinchalik uni belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun mustaqil va ilmiy ekspertlarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga hamda Adliya vazirligiga yuboradi.
