20-modda. Huquqiy ekspertiza doirasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-860-son) · Sana: 08.08.2023 · Amalda
Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari hamda adliya organlari normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasini oʻtkazish chogʻida ushbu Qonunning 16-moddasiga muvofiq mazkur hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazadi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy ekspertiza muddati ichida oʻtkaziladi.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza natijalariga koʻra ushbu Qonunning 18-moddasiga muvofiq xulosa tuziladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijalari huquqiy ekspertizani oʻtkazish natijalari boʻyicha tuziladigan xulosada ham aks ettirilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijalari boʻyicha tuzilgan xulosa ishlab chiquvchi tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqilishi kerak.
Vazirliklar va idoralarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan buyruqlari hamda qarorlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi ushbu moddaga muvofiq ularning huquqiy ekspertizasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan oʻtkaziladi.
