17-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish tartibi
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-860-son) · Sana: 08.08.2023 · Amalda
Normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi ushbu Qonunda belgilangan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazuvchi subyektlar tomonidan amalga oshiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi ushbu Qonunning 11 — 15-moddalarida nazarda tutilgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash, shuningdek ularni bartaraf etishga doir tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida, ushbu Qonun 16-moddasining ikkinchi — beshinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda, ushbu Qonunning ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha cheklistni toʻldirish orqali oʻtkaziladi.
Davlat organlari va tashkilotlari, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda adliya organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijalari boʻyicha aniqlangan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish yoki korrupsiyani keltirib chiqaruvchi xavf-xatarlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqiladi va ularni bartaraf etishga doir tegishli choralar koʻriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijalariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va adliya organlari respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va nazorat qiluvchi tuzilmalarga bajarilishi majburiy boʻlgan tegishli taqdimnomalar kiritishga haqli.
