10-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasida jamoatchilikning ishtirok etishi
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-860-son) · Sana: 08.08.2023 · Amalda
Nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkazishga haqli boʻlib, ushbu ekspertiza doirasida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga doir takliflar va tavsiyalar ishlab chiqilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasida ishtirok etish doirasida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish yuzasidan takliflar va tavsiyalar ishlab chiqilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish jarayonida ishtirok etishi mumkin.
Jamoatchilik tomonidan taqdim etilgan takliflar va tavsiyalar tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy ravishda koʻrib chiqilishi lozim.
