Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PF-120-son)
28.07.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoni
Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligini taʼminlash, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda pensiya va nafaqalar miqdorlari rasman belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlmasligini taʼminlash maqsadida:
1. 2024-yil 1-maydan boshlab:
zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 648 000 soʻm;
ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda — oyiga 648 000 soʻm;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band boʻlgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 648 000 soʻm;
boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 648 000 soʻm va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun — 212 000 soʻm etib belgilansin;
boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 648 000 soʻm etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya toʻlansin.
2. Pensiyalar va nafaqalar miqdorlarini oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplansin.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu Farmonning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini taʼminlash uchun masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 28-iyul,
PF-120-son
