Maʼmuriy islohotlar doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-111-son)
21.07.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash, tarmoq va hududlarning investitsiya salohiyatini rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoq va sohalariga investitsiyalar, shu jumladan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilishni jadallashtirish, investitsiya loyihalarining samaradorligini taʼminlash;
xalqaro iqtisodiy va moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, respublikaga tashqi begʻaraz koʻmak (grantlar, texnik koʻmak) mablagʻlarini jalb qilish sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish va muvofiqlashtirish;
davlat sanoat siyosatini amalga oshirish, sanoatni diversifikatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirish, asosiy turdagi mahsulotlar, xom ashyo va materiallarni ishlab chiqarish va isteʼmol qilish moddiy balanslarini shakllantirishda ishtirok etish, hududlarning sanoat salohiyatini oshirish, maxsus iqtisodiy zonalar va sanoat zonalari faoliyatini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish;
sanoatning asosiy yoʻnalishlari, shu jumladan kimyo, mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, toʻqimachilik, ipakchilik, charm-poyabzal, zargarlik, oziq-ovqat sanoati tarmoqlarida, qurilish materiallari, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va realizatsiya qilish sohasida davlat sanoat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohalarga xalqaro standartlarni joriy qilish ishlarini muvofiqlashtirish, ishlab chiqarish faoliyati turlarini litsenziyalash;
savdo sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, bozor holatini monitoring va tahlil qilish, ishlab chiqarish jarayonlariga xalqaro talablarga mos texnik reglamentlarni joriy etish, tashqi savdoni tartibga solishni muvofiqlashtirish;
tashqi savdo infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan eksport marshrutlarini koʻpaytirish, eksportni qoʻllab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorlarda marketing tadqiqotlarini oʻtkazish;
xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, mamlakatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish va boshqa iqtisodiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro hamda xorijiy moliya va iqtisodiy institutlardagi doimiy vakillari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida tashqi iqtisodiy faoliyat masalalari bilan shugʻullanuvchi xodimlarning faoliyatini muvofiqlashtirish.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) investitsiyalar yoʻnalishida:
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida har bir investorga loyiha ishga tushirilgunga qadar barcha bosqichlarda hamrohlik qiladigan, xususan yer olish, infratuzilmaga ulanish, ruxsatnomalarni rasmiylashtirish kabi masalalarni hal qilib boradigan “investitsiya menejerlari” biriktiriladi. Bunda, “investitsiya menejerlari” maqomi boʻyicha Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqarma boshligʻiga tenglashtiriladi;
“investitsiya menejerlari” vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari vazifalari yuklatilgan oʻrinbosarlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ish olib boradi;
investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri tomonidan “investitsiya menejerlari” faoliyati samaradorligini baholash (KPI), ularni erishilgan koʻrsatkichlar asosida ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash tizimi joriy etiladi;
loyiha guruhlari tomonidan ishlab chiqilgan yangi loyihalar mahalliy va xorijiy investorlarga bepul taqdim qilinadi;
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi tizimida “yagona darcha” tamoyili asosida, shu jumladan “onlayn” rejimda faoliyat yurituvchi Investorlar markazi tashkil etiladi;
Investorlar markazi investorlarni mamlakatga kirib kelishda kutib oladi, ularga vizalar, shu jumladan investitsiya vizasini olishda koʻmaklashadi, muzokaralar uchun zarur sharoitlarni yaratadi;
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar kiritish vakolati beriladi;
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga oʻzining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan investorlarni xalqaro aeroportlarning “VIP” zalida kutib olish va kuzatish vakolati beriladi;
b) sanoat yoʻnalishida:
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi huzurida Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi;
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Sanoat va tashqi bozorlarni tahlil qilish markazi tashkil etiladi;
2023-yil 1-dekabrga qadar Elektron kooperatsiya portali negizida Oʻzbekiston Milliy sanoat portali (keyingi oʻrinlarda — sanoat portali) yaratiladi. Bunda, sanoat portali Soliq qoʻmitasi, Statistika agentligining maʼlumotlar bazasi hamda “Elektron hukumat” tizimi bilan integratsiya qilinadi;
tarmoq uyushmalari rahbarlariga bir vaqtning oʻzida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tizimida mehnat faoliyatini yuritishga ruxsat beriladi;
v) savdo yoʻnalishida:
Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tizimida “yagona darcha” tamoyili asosida, shu jumladan “onlayn” rejimda faoliyat yurituvchi, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Eksportchilar markazi tashkil etiladi;
2023-yil 1-dekabrdan boshlab “GSP+” tizimi imtiyozlari qoʻllanilishiga doir maʼlumotlar olish, sinov laboratoriyalarini (shu jumladan, veterinariya, oʻsimliklar karantini, sanitariya-epidemiologiya sohalarda) erkin tanlash, sinov bayonnomalarini elektron rasmiylashtirish imkonini beradigan hamda bojxona organlari “yagona darcha” tizimiga integratsiya qilingan “E-sertifikat” axborot tizimi ishga tushiriladi;
“Shtrixli kodlash va axborot texnologiyalari markazi” davlat korxonasining Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlar shtrixli kodlarining davlat reyestrini yuritish monopol funksiyasi bekor qilinadi.
3. Belgilansinki, 2023-yil 1-avgustdan boshlab 1-ilovada koʻrsatilgan vazirlik va idoralarda:
yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha “loyiha ofislari” tashkil etiladi;
xorijiy hamkorlar bilan tashqi iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻtkazilgan muzokaralar yuzasidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga 3 kun ichida hisobot beriladi.
4. Quyidagilar:
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tizimidagi muassasalarni qayta tashkil qilish dasturi 2-ilovaga muvofiq;
Investitsiyalar, sanoat va savdo sohasida yangi tuzilayotgan muassasalar faoliyatini tashkil qilish dasturi 3-ilovaga muvofiq;
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining tashkiliy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;
Investitsiyalar, sanoat va savdo sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 7-ilovaga muvofiq;
Yevropa Ittifoqining “GSP+” tizimi doirasida imtiyozga ega boʻlgan mahalliy mahsulotlarning Yevropa bozorlariga eksportini kengaytirishga oid xalqaro standart tizimlarini ishlab chiqarish jarayoniga joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosarlari 9-ilovaga muvofiq xorijiy mamlakatlarga biriktirilsin va investorlar bilan samarali faoliyatni yoʻlga qoʻyish boʻyicha masʼul etib belgilansin.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan:
yangi turdagi yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va mavjud quvvatlarni kengaytirishga qaratilgan sanoat loyihalariga xorijiy va milliy valyutada kredit mablagʻlari, shu jumladan aylanma mablagʻ ajratiladi;
ishlab chiqarish hajmlarini oshirish maqsadida bino-inshootlar xarid qilish va ijaraga olish uchun kreditlar “Sanoat ipotekasi” tizimi asosida ajratiladi;
talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga qaratilgan loyihalarning marketing tadqiqotlari, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, xorijiy mutaxassislar jalb qilish, ishlab chiqariladigan mahsulotlarni sertifikatlashtirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarning bir qismi moliyalashtiriladi;
sanoat korxonalariga koʻmaklashish ularning ustav kapitalida ishtirok etish, mol-mulk sotib olish, milliy va xorijiy valyutada qarzlar berish, shuningdek, qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa shakllarda amalga oshiriladi.
6. Belgilansinki:
Jamgʻarmaga 1 mlrd AQSh dollari ekvivalenti miqdorida mablagʻ jalb qilinadi, shu jumladan 2023-2024-yillarda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 200 mln AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablagʻlar ajratiladi;
Jamgʻarmaga tashqi manbalardan qarz mablagʻlarini va keyinchalik Jamgʻarma kapitaliga yangi ishtirokchilarni jalb qilishga ruxsat beriladi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 2024-yildan boshlab har yili Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan infratuzilma xarajatlari uchun 2 trln soʻm hamda Jamgʻarma tomonidan taqdim etiladigan subsidiyalar va kompensatsiya xarajatlari uchun 15 mln AQSh dollari ekvivalentida mablagʻlar ajratib boriladi.
7. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi etib qayta nomlansin.
Hukumat komissiyasining yangilangan tarkibi 10-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar tashkil etilsin hamda ularning namunaviy tarkibi 10a-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Hukumat komissiyasiga investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun sugʻorilmaydigan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va oʻrmon fondi yerlarining toifasini oʻzgartirish, shuningdek master-rejalari tasdiqlangan hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalarini bozor qiymatida toʻgʻridan-toʻgʻri sotish yoki elektron onlayn-auksionga chiqarish boʻyicha qaror qabul qilish vakolati berilsin.
8. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish va tadbirkorlik sohalarida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan nazorat samaradorligini yanada kuchaytirish maqsadida maʼmuriy islohotlar doirasida maqbullashtirilgan shtat birliklari hisobidan prokuratura organlariga 35 ta shtat birligi ajratilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 11-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Kudratov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 21-iyul,
PF-111-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-111-son Farmoniga 1-ILOVA
Yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha loyiha ofislari tashkil etiladigan vazirlik va idoralar
ROʻYXATI
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
2. Energetika vazirligi.
3. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi.
5. Madaniyat va turizm vazirligi.
6. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi.
7. Transport vazirligi.
8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi.
9. Suv xoʻjaligi vazirligi.
10. Raqamli texnologiyalar vazirligi.
11. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi.
12. Sport vazirligi.
13. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi.
14. Tashqi ishlar vazirligi.
15. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi.
16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi.
17. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qoʻmitasi.
18. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi.
19. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi.
20. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-111-son Farmoniga 2-ILOVA
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tizimidagi muassasalarni qayta tashkil qilish
DASTURI
T/r Tashkilotning amaldagi toʻliq (rasmiy) nomi Tashkilotning taklif qilinayotgan toʻliq (rasmiy) nomi Qayta tashkil qilinayotgan tashkilotning faoliyatiga oid qoidalar va izohlar 1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK. Qonunchilikka muvofiq: a) loyihaning moliyaviy-iqtisodiy samaradorligini va unga sarflangan xarajatlar qoplanishini baholaydi, loyiha uchun investitsiya xarajatlarining asoslanganligini oʻrganib chiqadi; b) amaldagi infratuzilmaning mavjud quvvatlaridan foydalanilishi va yangi obyektning optimal joylashtirilishini hisobga olgan holda, loyihaning ijtimoiy ahamiyatini baholaydi; v) taklif etilayotgan marketing konsepsiyasi asosida loyihani amalga oshirish imkoniyatini va taklif etilayotgan texnologiyaga muvofiq asbob-uskunalar narxlarining cheklangan parametrlarini baholaydi; g) investitsiya loyihasining rentabelligini baholaydi; d) loyihani amalga oshirish boʻyicha turli texnologik yechimlar tahlili, ularning afzalliklari va kamchiliklari, tanlangan variantni asoslanganligini baholaydi; e) narx belgilashning (smetalarning) texnik reglamentlarini va amaldagi standartlarini tahlil qilish hamda takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi; j) tahlil qilinayotgan loyiha doirasida taqdim etilgan kredit resurslarini qaytarish mexanizmlarini oʻrganish va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlar ehtimolini hisobga olgan holda, loyihalarni moliyalashtirish tartibini va ularning samaradorligini tahlil qiladi; z) investitsiya loyihasini amalga oshirish va ishlab chiqarish barqaror ishlashi uchun muhandislik-kommunikatsiya taʼminoti vositalarining (ichimlik va oqava suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlari hamda kirish yoʻllari) zarur miqdorlari va parametrlari muvofiqligi ekspertizasini amalga oshiradi; i) davlat xaridlariga doir tender hujjatlari va texnik topshiriqlarni belgilangan talablar va qoidalarga muvofiq ishlab chiqilganligini baholaydi; k) shartnomalar, import kontraktlari va unga qoʻshimcha kelishuvlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazadi va roʻyxatga oladi; l) oʻz vakolati doirasida qonunchilik hujjatlari talablari buzilgan holatlarni bartaraf etish choralarini koʻrish, shuningdek, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish boʻyicha takliflar kiritadi; m) ekspertiza va tanlov asosida oʻtkazilgan monitoring natijalarini umumlashtiradi va ular toʻgʻrisida muassisga axborot beradi; n) bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar qoʻllagan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar roʻyxatlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazadi. 2. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi “Shtrixli kodlash va axborot texnologiyalari markazi” DK. Xususiy sektorga oʻtkaziladi. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi “Shtrixli kodlash va axborot texnologiyalari markazi” DK faoliyati tugatilib, uning funksiya va vazifalari hamda koʻrsatadigan xizmatlari xususiy sektor orqali amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-111-son Farmoniga 3-ILOVA
Investitsiyalar, sanoat va savdo sohasida yangi tuzilayotgan muassasalar faoliyatini tashkil qilish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-111-son Farmoniga 4-ILOVA
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining
TASHKILIY tuzilmasi
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimlari Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro hamda xorijiy moliya va iqtisodiy institutlardagi doimiy vakillari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida tashqi iqtisodiy faoliyat masalalari bilan shugʻullanuvchi xodimlar Sanoat va tashqi bozorlarni tahlil qilish markazi “Oʻztextreyd” DUK “Raqamli transformatsiya markazi” DUK Mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha viloyatlar va Toshkent shahar hokimining yordamchilari “Beldirsoy — Chimyon — Nanay” xalqaro umummavsumiy kurortini qurish va ekspluatatsiya qilish boʻyicha loyiha ofisi”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-111-son Farmoniga 7-ILOVA
Investitsiyalar, sanoat va savdo sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-111-son Farmoniga 8-ILOVA
Yevropa Ittifoqining “GSP+” tizimi doirasida imtiyozga ega boʻlgan mahalliy mahsulotlarning Yevropa bozorlariga eksportini kengaytirishga oid xalqaro standart tizimlarini ishlab chiqarish jarayoniga joriy etish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-111-son Farmoniga 9-ILOVA
Xorijiy mamlakatlarga masʼul sifatida biriktirilgan va investorlar bilan samarali faoliyatni yoʻlga qoʻyish boʻyicha investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosarlarining
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-111-son Farmoniga 10-ILOVA
Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasining
TARKIBI
Izoh:
Zarur hollarda Hukumat komissiyasi tarkibiga vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va tijorat banklarining rahbarlari qoʻshimcha ravishda jalb etilishi mumkin;
Hukumat komissiyasi aʼzolari ishdan ajralmagan holda Hukumat komissiyasi ish faoliyatida ishtirok etib boradi, ular boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-111-son Farmoniga 10a-ILOVA
Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha hududiy komissiyalarining namunaviy
TARKIBI
Izoh:
Zarur hollarda Hududiy komissiya tarkibiga vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari qoʻshimcha ravishda jalb etilishi mumkin;
Hududiy komissiya aʼzolari ishdan ajralmagan holda Hududiy komissiyasi ish faoliyatida ishtirok etib boradi, ular boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi PF-111-son Farmoniga 11-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-avgustdagi “Respublikada eksport va investitsiya salohiyatini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6042-son Farmonining 4-bandida:
a) quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan eksport qiluvchi korxonalarga qoʻllab-quvvatlash choralarini qoʻllashda belgilangan meʼyorlarga oʻzgartirishlar kiritish (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari bilan belgilangan meʼyorlardan tashqari)”;
b) uchinchi — yettinchi xatboshilar tegishincha toʻrtinchi — sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoniga 1-ilova 2-boʻlimida:
b) 4-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ 4. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi 42 23 19 shu jumladan direktor oʻrinbosarlari soni 2 2 ”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4135-son qarori 151-band bilan toʻldirilsin:
“151. Belgilansinki, Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga asosan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi markaziy apparati va uning huzuridagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 1,8 baravar oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi. Bunda, mazkur qarorda hamda ilgari qabul qilingan qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlash razryadlarining oshirilgan tarif koeffitsiyentlarini bir vaqtda qoʻllashga ruxsat etilmaydi hamda ularning eng yuqorisi qoʻllaniladi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4332-son qarorining 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Quyidagilar:
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalariga — Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri bilan kelishilgan holda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan hokim oʻrinbosari — viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshligʻi lavozimi;
tumanlar (shaharlar) hokimliklari tuzilmalariga — hokim oʻrinbosari — viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshligʻi bilan kelishilgan holda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan hokim oʻrinbosari — tuman (shahar) investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimi boshligʻi lavozimi kiritilsin”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Davlat qarzi hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining natijadorligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi PQ-4883-son qarorida:
a) 7-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) 8-banddan uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
v) 9 va 10-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5026-son qarorining 2-bandidagi “Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining vakolatxonasi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Savdo vakolatxonasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5088-son qarori 6-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan va importning oʻrnini bosuvchi, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish hamda xizmatlar koʻrsatish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish (bundan savdo, vositachilik, bino va inshootlar qurish sohasidagi loyihalar, shuningdek, davlat korxonalari va ustav jamgʻarmasida davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar, aksiz toʻlanadigan tovarlar ishlab chiqaruvchilar hamda aylanma mablagʻlarni toʻldirish holatlari mustasno)”.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-sentabrdagi “Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-5242-son qarori 4-bandining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kompaniya Kuzatuv kengashi aʼzoligiga Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — J.A. Xodjayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri — L.Sh. Kudratov hamda Strategik islohotlar agentligi bosh direktori — Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi ijrochi direktori Sh.A. Vafayevning nomzodlari taqdim etilishi”.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-noyabrdagi “Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-5277-son qarorida:
a) 2-banddagi “va tashqi” soʻzlari “, sanoat va” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Kudratov va Strategik islohotlar agentligi direktori — Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi ijrochi direktori Sh.A. Vafayev Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Oʻzbek-Qirgʻiz taraqqiyot jamgʻarmasining kengashi aʼzolari hisoblanadi;
Oʻzbek-Qirgʻiz taraqqiyot jamgʻarmasining ustav kapitalida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ulushi, istisno tariqasida, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga bosqichma-bosqich ajratiladigan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan shakllantiriladi”;
v) 7-banddagi “S.U. Umurzakov” soʻzlari “J.A. Xodjayev” soʻzlari bilan almashtirilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi “2023 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-465-son qarori quyidagi mazmundagi 41-band bilan toʻldirilsin:
“41. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarida maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida investitsiya loyihalarini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida loyihalarning (obyektlarning) manzilli roʻyxatiga oʻzgartirishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin”.
11. Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 3-oktabrdagi “Standartlashtirish, metrologiya va mahsulotlar hamda xizmatlarni sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 342-son qarori 13-bandining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” DMning yalpi foydasidan 20 foiz mablagʻlar”.
12. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-martdagi 220-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Oʻzbekiston standartlar instituti toʻgʻrisidagi ustavining 3-bandidagi “muassasasi tomonidan xizmatlar koʻrsatishdan tushgan tushumlarning ularni koʻrsatishga sarflangan jami xarajatlar qoplangandan keyin qolgan summasining yarmi” soʻzlari “muassasasining yalpi foydasidan 20 foiz toʻlov” soʻzlari bilan almashtirilsin.
13. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-maydagi 294-son qarori bilan tasdiqlangan Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomning 5-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan va importning oʻrnini bosuvchi, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish hamda xizmatlar koʻrsatish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish (bundan savdo, vositachilik, bino va inshootlar qurish sohasidagi loyihalar, shuningdek, davlat korxonalari va ustav jamgʻarmasida davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar, aksiz toʻlanadigan tovarlar ishlab chiqaruvchilar hamda aylanma mablagʻlarni toʻldirish holatlari mustasno)”.
14. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 463-son qarorida:
a) nomlanishi, 3-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi tegishli kelishikdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Savdo vakolatxonasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-banddagi “Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining vakolatxonasi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Savdo vakolatxonasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 1 — 3-ilovalarning nomlanishidagi tegishli kelishikdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Savdo vakolatxonasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
