Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-232-son)
20.07.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent shahri aholisining oʻsish surʼatini inobatga olgan holda, ularning uy-joyga boʻlgan talabini qondirish, turmush tarzi uchun qulay sharoitlar yaratish, yangi arxitektura va texnik yechimlarni joriy etish orqali zamonaviy markaz barpo etish, shuningdek, biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalarni jadal rivojlantirishni taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
Yangi Toshkent shahrini barpo etish maqsadida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlaridan 19 720,9 gektar yer maydoni tanlab olinganligi, dastlabki bosqichda 2 420 gektar yer maydonida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilganligi;
Yangi Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasini tezkor va sifatli ishlab chiqish maqsadida “Meinhardt Pte. Ltd” (Singapur), “Foster and partners” (Buyuk britaniya) va “OMA” (Gollandiya) kompaniyalari jalb etilib, amaliy ishlar boshlab yuborilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasi, Toshkent shahri hokimligi, Toshkent viloyati hokimligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining:
Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlari hududida Yangi Toshkent shahrini barpo etish;
Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat muassasasi shaklida “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi”ni (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
3. Quyidagilar Direksiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan amaliyotlar asosida hamda yetakchi xorijiy va mahalliy loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda, Yangi Toshkent shahri hududini rivojlantirish rejalarini (master reja), tarmoq rejalarini va manzilli dasturlarini ishlab chiqish hamda tasdiqlash;
Yangi Toshkent shahri hududida loyihalarni amalga oshirish boʻyicha investorlar bilan muzokaralar olib borish, salohiyatli investorlarni tanlash, ular bilan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda bitimlar tuzish va ularning ijrosini nazorat qilish;
Direksiya tomonidan tasdiqlangan hududda loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish boʻyicha alohida texnik shartlarga amal qilish toʻgʻrisida bitimlar tuzish va ularning ijrosi ustidan monitoring olib borish;
Yangi Toshkent shahri hududidagi ijtimoiy soha obyektlari, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, yoʻl-transport infratuzilmalarini barpo etishda buyurtmachi funksiyasini bajarish;
zamonaviy uy-joylar qurish ishlariga katta tajribaga ega boʻlgan mahalliy va xorijiy kompaniyalarni jalb qilish, ularga zamonaviy uslublar, energiya tejamkor texnologiyalar va qurilish materiallarini qoʻllash yuzasidan majburiy koʻrsatmalar berish;
Yangi Toshkent shahri hududida barpo etiladigan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, yoʻl-transport infratuzilmalaridan yagona operator sifatida foydalanish va isteʼmolchilar bilan xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnomalar tuzish;
qurilishga salohiyatli investorlarni, shu jumladan, xorijiy investorlarni jalb etish maqsadida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, Internet tarmogʻida taqdimot tadbirlarini va keng reklama kampaniyasini tashkil etish.
4. Direksiyaga quyidagi huquqlar berilsin:
Yangi Toshkent shahrini barpo etish boʻyicha tarmoq rejalari va manzilli dasturlarni ishlab chiqish hamda tasdiqlash;
hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish boʻyicha hujjatlarga boʻlgan talablarni mustaqil ravishda belgilash va tasdiqlash;
yer uchastkalarini sotishda ularda barpo etiladigan obyektlarga qoʻyiladigan asosiy talablarni mustaqil belgilash;
qurilish ishlarining sifat, texnik va muddat nazoratini mustaqil amalga oshirish;
kommunal boshqarish, investitsion faoliyat, marketing, baholash, geologiya qidiruv, topografik suratga olish, bino va inshootlar texnik holatini tekshirish xizmatlarini koʻrsatish;
davlat sherigi sifatida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim talablarini vakolatli davlat organlari bilan kelishgan holda belgilash;
Yangi Toshkent shahri hududida isteʼmolchilarga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar tariflarini Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda belgilash;
Yangi Toshkent shahrini barpo etish davrida investorlarga shartnoma asosida servis, sanitariya-gigiyena, muhandislik-kommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish, ularni transport infratuzilmasi obyektlari va yordamchi inshootlar bilan taʼminlashni tashkil qilish;
Yangi Toshkent shahri hududidagi yer uchastkalarini “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali sotish va ijaraga berish toʻgʻrisida (har bir loyihaga alohida texnik shart asosida) Yangi Toshkent shahrini barpo etish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengashga taklif kiritish.
5. Yangi Toshkent shahrini barpo etish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtiruvchi kengash) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Yangi Toshkent shahrini barpo etishda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari hamda Direksiya faoliyatini muvofiqlashtirish va tegishli vazifalarni belgilash;
Direksiya tomonidan kiritilgan investorlarning loyiha takliflarini koʻrib chiqish;
Yangi Toshkent shahrining bosh rejasini tasdiqlash va unga tegishli oʻzgartirishlar kiritib borish, shuningdek, yer uchastkalarini bosqichma-bosqich oʻzlashtirish masalasini koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish;
Yangi Toshkent shahri hududida auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalarining boshlangʻich qiymatini belgilash;
Yangi Toshkent shahri hududi hamda unga tutash hududlardagi qurilish loyihalarini koʻrib chiqish va kelishish;
Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasida xalqaro konsultantlar va ekspertlar, arxitektorlar, konstruktorlar, texnik nazorat xizmatlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish orqali jalb qilish boʻyicha qarorlar qabul qilish.
6. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi markaziy apparati tuzilmasiga qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari lavozimini qisqartirish hisobiga, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari — “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” direktori (keyingi oʻrinlarda — Direksiya direktori) lavozimi kiritilsin.
Belgilansinki:
Direksiya direktori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Direksiya direktorining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri bilan kelishilgan holda, Direksiya direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
7. Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun Direksiyaga shaxsiy gʻazna hisobvaragʻini ochishga ruxsat berilsin.
Belgilansinki, shaxsiy gʻazna hisobvaraqda quyidagi mablagʻlar jamlanadi:
Direksiyaga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali yer uchastkalari va davlat mulki obyektlarini sotishdan (ijaraga berishdan) tushadigan mablagʻlar;
obyektlar qiymatidan ajratmalar, shu jumladan, investitsiya bitimlariga asosan investorlar tomonidan obyektlarni qurish ishlari uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlardan ajratmalar;
hisobvaraqdagi vaqtincha boʻsh mablagʻlarni joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishdan, shuningdek, Direksiya tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlardan olinadigan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari hamda texnik koʻmak mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
8. Direksiyaning shaxsiy gʻazna hisobvaragʻidagi mablagʻlar quyidagi maqsadlarga sarflanadi:
ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, irrigatsiya, melioratsiya va transport infratuzilmasini loyihalash va qurish bilan bogʻliq ishlarni moliyalashtirish;
Yangi Toshkent shahrini barpo etish ishlarini moliyalashtirish;
Direksiyaning joriy faoliyatini moliyalashtirish, shu jumladan, unga tegishli bino va inshootlarni saqlash, ulardan foydalanish, qurish va taʼmirlash, xodimlar mehnatiga haq toʻlash, shuningdek, mebel, aloqa vositalari, kompyuter va boshqa barcha zarur inventarlar bilan taʼminlash;
mutaxassislarni, shu jumladan, yuqori malakali mutaxassislar, xorijiy ekspertlar va xorijda yashaydigan vatandoshlarni Direksiyada ishlash uchun jalb etish hamda ularga haq toʻlash.
9. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi”ning ustavini tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. “Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda 2023-yil 1-sentabrga qadar Direksiyaga oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun “Mahalla” xayriya jamoat fondining Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan hisobvaragʻidagi homiylik xayriyalari hisobidan 50 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻni begʻaraz ajratsin.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 2024-yil 1-aprelga qadar avtomobil yoʻllari, ichimlik va oqova suv taʼminoti, elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlarini qurish maqsadida xalqaro moliya institutlari kreditlarini va davlat-xususiy sheriklik asosida investorlar mablagʻlarini jalb etsin.
Toshkent shahri hokimligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Yangi Toshkent shahri hududida ijtimoiy soha obyektlarini qurish uchun har yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan zarur mablagʻlarni ajratib borish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritib borsin.
11. Yangi Toshkent shahri barpo etiladigan Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlaridagi 19 720,9 gektar yer maydonlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Toshkent viloyati hokimligi Direksiyaning murojaatiga asosan bir oy muddatda ushbu roʻyxatdan 6 000 gektar yer uchastkalarini Direksiyaga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratsin.
Belgilansinki, Direksiyaga doimiy foydalanishga berilgan yer uchastkalari yer maydonlarini rivojlantirish rejalari (master reja) ishlab chiqilganidan keyin belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi.
12. Vazirlar Mahkamasi, Toshkent shahri hokimligi, Toshkent viloyati hokimligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Suv xoʻjaligi vazirligining Yangi Toshkent shahrini barpo etish rejalashtirilayotgan 19 720,9 gektar yer uchastkalaridan 3-ilovaga muvofiq qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan jami 12 878,6 gektar, shundan 11 478,4 gektar sugʻoriladigan yer uchastkalarini aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi xulosasi qabul qilinsin.
13. Belgilansinki:
ushbu qarorning 12-bandida nazarda tutilgan yer uchastkalarining yer fondi toifasi ular amaldagi yer egalari, foydalanuvchilari va ijarachilari tomonidan belgilangan tartibda tuman zaxirasiga qaytarilganidan va davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan soʻng oʻzgargan hisoblanadi.
Yangi Toshkent shahrini barpo etishga moʻljallangan yer uchastkalaridan ular belgilangan tartibda davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan hamda jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda toʻliq qoplangandan soʻng boshqa maqsadlarda foydalaniladi;
Yangi Toshkent shahrini barpo etish rejalashtirilgan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari, bino va inshootlarga ega boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarga ushbu yer uchastkalarida tasdiqlangan bosh reja talablariga va Direksiya bilan tuzilgan shartnoma shartlariga asosan qurilish qilishga ruxsat beriladi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning ushbu qarorga muvofiq toifasi oʻzgartirilganligi munosabati bilan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari oʻrnini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari undirilmaydi.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida 2028-yil 1-yanvarga qadar har yil yakunida teng ulushlarda ushbu qaror bilan toifasi oʻzgartirilayotgan sugʻoriladigan yer uchastkalari maydoniga teng miqdorda yangi yerlar oʻzlashtirilishini va sugʻoriladigan yerlar toifasiga oʻtkazilishini taʼminlasin.
Muvofiqlashtiruvchi kengash ikki oy muddatda yangi oʻzlashtiriladigan yerlar roʻyxatini hududlar va yillar kesimida tasdiqlasin.
Kadastr agentligi mazkur bandda hamda ushbu qarorning 13-bandida nazarda tutilgan shartlar bajarilishiga koʻra Yer resurslarining holati toʻgʻrisidagi milliy hisobotga tegishli oʻzgartirishlar kiritib borsin.
15. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
bosh rejaga muvofiq Yangi Toshkent shahri hududida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, transport infratuzilmasi va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish uchun yer uchastkalari Direksiya taklifiga asosan tegishlicha Toshkent shahri yoki Toshkent viloyati hokimi tomonidan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish, shu jumladan, koʻp kvartirali uylar, ishlab chiqarish, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini qurish uchun yer uchastkalari Muvofiqlashtiruvchi kengashning qaroriga muvofiq Direksiya tomonidan (buyurtmachi sifatida) “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali (har bir loyihaga alohida texnik shart asosida) auksion savdolarida sotiladi yoki ijaraga beriladi;
elektron onlayn auksion yakuni boʻyicha Direksiya, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va auksion gʻolibi oʻrtasida uch tomonlama shartnoma imzolanadi hamda yer uchastkasini sotishdan tushgan mablagʻlar, auksionni oʻtkazish xarajatlari chegirilgan holda, Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkazilgandan soʻng Direksiyaning maxsus gʻazna hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladi va Yangi Toshkent shahrini barpo etish ishlariga sarflanadi.
16. Yangi Toshkent shahrini barpo etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish doirasida:
a) 2027-yil 1-yanvarga qadar Direksiya, investorlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar uchun bojxona boji toʻlashdan ozod qilinsin;
b) obyekt qurilish hajmining har bir kub metri uchun mutanosib ravishda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini yaratish xarajatlarining bir qismi shaharsozlik faoliyati obyektini (yakka tartibdagi uy-joylar hamda nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari bundan mustasno) qurish yoki rekonstruksiya qilishni loyihalashtirish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish boʻyicha toʻlov qiymatiga kiritilsin.
Bunda, ushbu kichik bandda nazarda tutilgan qoʻshimcha tushumlar summasi ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmalari qurilishi uchun har oyda toʻliq Direksiyaning shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladi.
17. Direksiya buyurtmanomalariga binoan Yangi Toshkent shahrini barpo etish boʻyicha:
Tashqi ishlar vazirligi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini;
Ichki ishlar vazirligi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji toʻlamasdan koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va koʻp martalik vizalarning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishini va muddati uzaytirilishini;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etadigan yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etish uchun ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, koʻrsatib oʻtilgan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.
18. Direksiyaga oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini xarid qilish, respublikaga olib kirish hamda ulardan belgilangan tartibda foydalanishga ruxsat berilsin.
19. Yangi Toshkent shahri hududida barpo etilgan “Yangi Toshkent” loyihasi ofisi binosi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasi obyektlari Direksiyaga operativ boshqaruv huquqi bilan bepul berilsin.
20. Yangi Toshkent shahri hududida master rejaga asosan hududni koʻkalamzorlashtirish maqsadida dastlabki bosqichda 2023-yil 18-mart — umumxalq xayriya hashari kuni 1 000 ta qimmatbaho daraxt koʻchatlari ekilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Toshkent viloyati hokimligi Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda ekilgan daraxt koʻchatlarini Toshkent viloyati Obodonlashtirish bosh boshqarmasidan Direksiyaga oʻtkazib bersin.
Direksiya tuzilmasida Yangi Toshkent shahri hududida ekilgan va keyinchalik ekiladigan daraxt koʻchatlarini saqlash, parvarish qilish, ularning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish, zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun alohida boʻlinma tashkil etilsin.
21. Toshkent shahri hokimligi va Toshkent viloyati hokimligi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Yangi Toshkent shahri barpo etilishi munosabati bilan Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlaridan zarur yer maydonlarini Toshkent shahri tarkibiga oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari loyihalarini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
22. Toshkent shahri hokimligi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
23. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 20-iyul,
PQ-232-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyuldagi PQ-232-son qaroriga 1-ILOVA
Yangi Toshkent shahrini barpo etish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash
TARKIBI
1. A.N. Aripov — Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Boshqaruv kengashi raisi 2. Sh.B. Umurzakov — Toshkent shahar hokimi v.b., Boshqaruv kengashi raisi oʻrinbosari 3. Z.T. Mirzayev — Toshkent viloyati hokimi 4. B.I. Zakirov — qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri 5. Sh.D. Kudbiyev — iqtisodiyot va moliya vaziri 6. L.N. Qudratov — investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri 7. A.B. Voitov — qishloq xoʻjaligi vaziri 8. Sh.R. Xamrayev — suv xoʻjaligi vaziri 9. Sh.X. Shermatov — raqamli texnologiyalar vaziri 10. I.R. Mahkamov — transport vaziri 11. J.T. Mirzamahmudov — energetika vaziri 12. A.Dj. Tashkulov — adliya vaziri 13. O.A. Nazarbekov — madaniyat va turizm vaziri 14. A.A. Abduxakimov — ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri 15. A.X. Kuldashev — favqulodda vaziyatlar vaziri 16. B.O. Saidov — tashqi ishlar vaziri 17. P.R. Bobojonov — ichki ishlar vaziri 18. S.I. Samadov — Bosh prokuror oʻrinbosari 19. N.N. Saydullayev — Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari 20. A.Yu. Mavlonov — Bojxona qoʻmitasi raisi 21. A.J. Ortiqov — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori 22. Sh.Sh. Sharaxmetov — Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi 23. F.J. Poʻlatov — Kadastr agentligi direktori 24. R.S. Sharifov — “ToshkentboshplanLITI” DUK direktori 25. Lavozimiga koʻra — “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” direktori, Boshqaruv kengashi kotibi
Izoh.
Muvofiqlashtiruvchi kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyuldagi PQ-232-son qaroriga 2-ILOVA
Yangi Toshkent shahri barpo etiladigan Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlaridagi 19 720,9 gektar yer maydonlari
ROʻYXATI
T/r Yerdan foydalanuvchilar turi Foydalanuvchilar soni Kontur soni Jami yer maydoni, ga shundan: qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar, ga shu jumladan: Boshqa yerlar, ga sugʻoriladigan yerlar yaylov yerlari Toshkent viloyati (jami) 791 3 406 19 720,90 12 878,59 12 647,43 231,16 6 842,31 1. Fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari yerlari 264 1 228 13 177,84 12 155,92 12 135,25 20,67 1021,92 2. Yordamchi xoʻjaliklar va issiqxonalar 49 49 203,86 191,49 191,49 - 12,37 3. Dehqon xoʻjaligi yerlari 97 114 323,51 269,05 267,47 1,58 54,46 4. Oʻzga yerdan foydalanuvchilar 379 578 2 268,31 163,95 25,61 138,34 2 104,36 5. Aholi tomorqa yerlari - 1045 3 006,39 18,33 0,13 18,20 2 988,06 6. Mahalliy hokimlik zaxirasidagi yerlar 2 24 60,50 49,73 27,03 22,70 10,77 7. Kanallar va yoʻllar uchun ajratilgan yerlar - 368 680,50 30,12 0,45 29,67 650,38 I. Yuqori Chirchiq tumani 763 2 978 17 314,80 11 120,18 10 889,02 231,16 6 194,62 1. Fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari yerlari 238 1 045 11 382,26 10 440,64 10 419,97 20,67 941,62 2. Yordamchi xoʻjaliklar va issiqxonalar 48 48 199,93 187,79 187,79 - 12,14 3. Dehqon xoʻjaligi yerlari 97 108 286,84 233,22 231,64 1,58 53,62 4. Oʻzga yerdan foydalanuvchilar 379 578 2 268,31 163,95 25,61 138,34 2 104,36 5. Aholi tomorqa yerlari - 929 2 658,70 18,33 0,13 18,20 2 640,37 6. Mahalliy hokimlik zaxirasidagi yerlar 1 23 56,90 46,13 23,43 22,70 10,77 7. Kanallar va yoʻllar uchun ajratilgan yerlar - 247 461,87 30,12 0,45 29,67 431,75 II. Oʻrta Chirchiq tumani 28 428 2 406,1 1 758,41 1 758,41 - 647,69 1. Fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari yerlari 26 183 1 795,58 1 715,28 1 715,28 - 80,30 2. Yordamchi xoʻjaliklar va issiqxonalar 1 1 3,93 3,7 3,7 - 0,23 3. Dehqon xoʻjaligi yerlari - 6 36,67 35,83 35,83 - 0,84 4. Oʻzga yerdan foydalanuvchilar - - - - - - - 5. Aholi tomorqa yerlari - 116 347,69 - - - 347,69 6. Mahalliy hokimlik zaxirasidagi yerlar 1 1 3,6 3,6 3,6 - - 7. Kanallar va yoʻllar uchun ajratilgan yerlar - 121 218,63 - - - 218,63
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyuldagi PQ-232-son qaroriga 3-ILOVA
Yangi Toshkent shahrini barpo etish uchun yer fondi toifasi oʻzgartirilayotgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari
ROʻYXATI
T/rHudud nomiMavze nomiKontur soniYer maydoni, gashu jumladan:sugʻoriladigankoʻpyillik daraxtzorlaryaylov yerlariToshkent viloyati291112878,5911478,41169,1231,2Yuqori Chirchiq tumaniJami2 48311120,29852,11037,0231,21.Oʻzbekiston1991169,941126,3243,62-2.Doʻstlik7142418,051976,61441,44-3.Surankent4062498,882336,58157,305,004.Turkiston108177,71139,4511,6226,645.Guliston5282525,492333,4356,42135,646.Iyk ota4712264,221937,66326,56-7.Qibray,Normuxammedov5765,892,01-63,88Oʻrta Chirchiq tumaniJami4281758,411626,29132,12-1.Doʻstlik1521182,461063,72118,74-2.Oxunboboyev116368,12362,315,81-3.Kim Pen Xva1628,0420,477,57-4.Sholichilik instituti144179,79179,79--
