Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2023-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisida (3277-IV-son)
14.06.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2023-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) taʼkidlaydiki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) ijrosi “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan budjet parametrlari doirasida amalga oshirilgan.
Dunyoda yuzaga kelgan murakkab vaziyat, xalqaro tranzit va logistikadagi muammolar, jahon iqtisodiyotidagi oʻzgarishlar, mamlakatimizda kuzatilgan anomal sovuq va energiya taqchilligi qarmasdan, hukumat tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan barcha zarur chora-tadbirlar Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqaror oʻsish surʼatlarini saqlab qolish imkoniyatini berdi.
Xususan, oʻtgan davrda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida anomal sovuq va energiya inqirozidan talafot koʻrgan tadbirkorlik subyektlariga 13 trln. soʻm miqdorda kreditlar ajratilgan, 1 210 nafar tadbirkorning kredit toʻlovlar boʻyicha qarzdorlik muddatlari uzaytirilgan va ularga soliq qarzini boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilgan. Iqtisodiyotda soliq yukining pasayganligi evaziga tadbirkorlar faolligining oshishi hamda investitsiyaviy faollikning kuchayishi budjet daromadlari barqarorligini taʼminlashga ijobiy taʼsir koʻrsatgan.
Natijada joriy yilning birinchi choragida yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlari taʼminlanib, yalpi ichki mahsulot hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,5 foizga oʻsgan. Davlat budjeti daromadlari hisobot davrida rejaga nisbatan 102,8 foizga yoki 1,3 trln. soʻmga oshirib bajarilgan.
Mamlakatimizda ijtimoiy davlat prinsiplariga amal qilingan holda Davlat budjeti ijtimoiy xarajatlarining 93,4 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholini ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash xarajatlariga yoʻnaltirilgan.
“Ochiq budjet” portali orqali “Tashabbusli budjet” va “Mening yoʻlim” loyihalari budjet mablagʻlarini aholi farovonligiga xizmat qiladigan loyihalarga ustuvor ravishda yoʻnaltirishga va ularning natijadorligini taʼminlashga zamin yaratmoqda.
Shu bilan birga, Davlat budjetining ijrosini taʼminlash borasida baʼzi kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan. Jumladan, oʻz yechimini kutayotgan koʻplab masalalar uchun Davlat budjetidan yetarlicha mablagʻlar ajratilgan boʻlsa-da, biroq ayrim vazirliklar va idoralar tomonidan mablagʻlar oʻz vaqtida va toʻliq oʻzlashtirilmasdan kolmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan nefrologiya va gemodializ yordami koʻrsatish uchun xarajatlar 30 foizga oʻzlashtirilgan. Buyrak va jigar transplantatsiyasi boʻyicha jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan bemorlarni dori vositalari bilan taʼminlash, kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam koʻrsatish hamda virusli gepatitning “S” va “V” turlarini erta tashxislash va virusga qarshi maxsus davolash ishlarini tashkil etish uchun ajratilgan mablagʻlarni oʻzlashtirish boʻyicha yetarlicha ishlar amalga oshirilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan davlat rivojlantirish dasturlari uchun ajratilgan budjet mablagʻlari 11 foizga bajarilgan boʻlsa, aviatashuvchilarga mahalliy yoʻnalishlardagi aviaqatnovlarda chipta narxining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar va kichik aviatsiya transporti qatnovi boʻyicha koʻrilgan zararlarni qoplash uchun ajratilgan mablagʻlar umuman ishlatilmagan.
2023-yil uchun vazirlik va idoralarning budjet xarajatlari va davlat rivojlantirish dasturlarining maqsadli indikatorlari tasdiqlanmagan. Budjetni shakllantirish, tuzish, koʻrib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash va ijro etish hamda uning ijrosini nazorat qilish, hisobotlarni tayyorlash va tasdiqlash jarayonlarini avtomatlashtirish boʻyicha boshlangan ishlar yakuniga yetkazilmagan.
Vazirliklar va idoralar, mahalliy hokimliklar, budjet tashkilotlari tomonidan budjet jarayoniga oid tegishli maʼlumotlarni ularning rasmiy veb-saytlariga joylashtirishga doir ishlar lozim darajada tashkil etilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2023-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2023-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
iqtisodiyotning barqaror oʻsish surʼatlarini va Davlat budjeti daromadlarining prognoz koʻrsatkichlarini taʼminlash hamda aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tizimli choralarni davom ettirish;
vazirliklar va idoralar tomonidan davlat rivojlantirish dasturlari uchun ajratilgan mablagʻlarning oʻz vaqtida samarali oʻzlashtirilishini taʼminlash;
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning 2023-yil uchun budjet mablagʻlaridan foydalanish bilan bogʻliq maqsadli indikatorlari tasdiqlanishini taʼminlash choralarini koʻrish tavsiya qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
soliqlarning yigʻiluvchanlik darajasini oshirish, boqimanda qarzdorliklarni kamaytirish hamda ortiqcha toʻlovlarga yoʻl qoʻymaslik;
Davlat budjeti barqarorligini taʼminlagan holda budjet tashkilotlari va budjetdan mablagʻ oluvchilarning Davlat budjetida koʻzda tutilgan xarajatlarini oʻz vaqtida moliyalashtirish;
budjet tashkilotlari va budjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan budjet intizomi buzilishi, kamomad va maqsadsiz xarajatlarga yoʻl qoʻyilishi holatlarini bartaraf etish;
budjetni shakllantirish, tuzish, koʻrib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash va ijro etish hamda uning ijrosini nazorat qilish, hisobotlarni tayyorlash va tasdiqlash jarayonlarini avtomatlashtirish boʻyicha boshlangan ishlarni yakuniga yetkazish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Transport vazirligi sohaga ajaratilayotgan Davlat budjeti mablagʻlarining oʻz vaqtida va toʻliq oʻzlashtirilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining tegishli hisobot davridagi ijrosi koʻrib chiqilayotganda oʻz faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqib, Davlat budjetidan ajratilayotgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligini oʻrganish va bu borada deputatlar nazoratini kuchaytirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari oʻz faoliyati yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda, Davlat budjetida nazarda tutilgan davlat rivojlantirish dasturlari boʻyicha ajratilgan mablagʻlarning oʻz vaqtida oʻzlashtirilmaslik holatlarini va sabablarini tahlil qilgan holda vazirliklar va idoralar rahbarlarining axborotini qoʻmita yigʻilishlarida eshitib borsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlariga joylarga chiqish davomida “Tashabbusli budjet”, “Mening yoʻlim”, “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirishga hamda amalga oshirilayotgan loyihalar sifatini nazorat qilishga bagʻishlangan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining yigʻilishlarida ishtirok etish tavsiya etilsin.
8. Ushbu Qaror eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-iyun,
3277-IV-son
