29-modda. Savdolarda raqobatni cheklashga qarshi talablar
Raqobat toʻgʻrisida (O‘RQ-850-son) · Sana: 03.07.2023 · Amalda
Savdolar boshlangʻich narxni pasaytirish yoki oshirish yoʻli bilan tashkil etilishi mumkin.
Savdolarda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar, shu jumladan quyidagilar taqiqlanadi:
savdolarni oʻtkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish;
savdolar ishtirokchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda ishtirok etish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan axborotdan foydalanish orqali imtiyozli shart-sharoitlar yaratish;
savdolarga oid hujjatlarga va qoidalarga, shu jumladan eʼlonning matniga ishtirokchilar oʻrtasida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan talablarni kiritish;
savdolarning oʻtkazilish jarayoniga va natijalariga taʼsir koʻrsatish;
savdolarda talabning oʻzgarishiga, narxlarning sunʼiy ravishda oshirilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yolgʻon, asossiz maʼlumotlarni tarqatish;
savdolarning operatorlari va (yoki) tashkilotchilari va (yoki) buyurtmachilari va (yoki) savdolar ishtirokchilari tomonidan raqobatga qarshi kelishuvlarni hamda muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirish;
elektron tarzda oʻtkaziladigan savdolarda narxlarning sunʼiy ravishda shakllantirilishiga olib keladigan narx algoritmidan, yaʼni tovarlar narxini oldindan belgilangan parametrlarga asosan monitoring qilish, hisob-kitob qilish, belgilash va nazorat qilish imkoniyatini beruvchi dasturiy taʼminotdan foydalanish;
savdolarda savdo shartlarini bir necha marta bajarmaslik natijasida tovarning narxlarini raqobat mavjud boʻlganda shakllangan narxlardan (talab, taklif yoki ishlar hajmidan) ancha oshirish;
buyurtmachining yoki sotuvchining savdolar natijalariga koʻra shartnoma tuzishdan asossiz ravishda boʻyin tovlashi.
Birja savdolarini oʻtkazish chogʻida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar, shu jumladan quyidagilar taqiqlanadi:
birja savdolarini oʻtkazish jarayoniga taʼsir koʻrsatadigan, shu jumladan hiyla-nayrang hisoblanadigan harakatlar, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
birja savdolari ishtirokchilarining muvofiqlashtirilgan harakatlari natijasida joriy birja narxlarining keskin oshishiga yoki qatʼiy belgilanishiga olib keladigan harakatlar;
