9-modda. Diniy oʻquv yurtlari
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (618-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari ruhoniylar va oʻzlariga zarur boʻlgan diniy xodimlar tayyorlash uchun diniy oʻquv yurtlari tuzishga haqli. Diniy oʻquv yurtlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilib, tegishli litsenziya olganidan keyin faoliyat koʻrsatish huquqiga ega boʻladi.
Oliy va oʻrta diniy oʻquv yurtlarida taʼlim olish uchun fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq umumiy majburiy oʻrta taʼlim olganidan keyin qabul qilinadi.
Diniy oʻquv yurtlarida diniy fanlarni oʻqitayotgan shaxslar diniy taʼlim olgan boʻlishlari va oʻz faoliyatlarini tegishli markaziy boshqaruv organining ruxsati bilan amalga oshirishlari lozim.
Xususiy tartibda diniy taʼlim berish man etiladi.
