14-modda. Diniy urf-odatlar va marosimlar
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (618-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Diniy tashkilotlar ibodat qilish yoki diniy rasm-rusumlar oʻtkazish uchun qulay joylar tashkil etish va ularni saqlab turish, shuningdek ziyoratgohlarni saqlab turish huquqiga egadir.
Ibodat, diniy rasm-rusumlar va marosimlar diniy tashkilotlar joylashgan manzildagi ibodatxonalarda va ularga tegishli hududlarda, ziyoratgohlarda, qabristonlarda, zarur hollarda fuqarolarning ixtiyoriga binoan ularning uylarida oʻtkaziladi.
Kasalxonalarda, gospitallarda, keksalar va nogironlar uylarida, dastlabki qamoq va jazoni oʻtash joylarida ibodatlar va diniy rasm-rusumlar shu yerdagi fuqarolarning iltimoslariga binoan oʻtkaziladi.
Diniy marosim va ibodat binolaridan tashqarida oʻtkaziladigan ommaviy ibodatlar, diniy rasm-rusumlar va marosimlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarning (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
Diniy tashkilotlar dindorlar majburiy pul yigʻimlari va toʻlovlar undirishga, shuningdek ularga nisbatan shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi choralarni qoʻllashga haqli emas.
