11-modda. Diniy tashkilotlarni roʻyxatga olish
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (618-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlarini roʻyxatga olish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan, boshqa diniy tashkilotlarni esa tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Diniy tashkilotlarni roʻyxatga olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlari boʻlgan, yuz nafardan kam boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi imzolagan ariza;
diniy tashkilotning ustavi;
taʼsis yigʻilishining bayoni;
tuzilayotgan diniy tashkilot joylashgan manzilni tasdiqlovchi hujjat;
davlat boji toʻlangani toʻgʻrisidagi hujjat.
Diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organini roʻyxatga olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
taʼsis yigʻilishi (konferensiyasi)ning raisi va kotibi imzo qoʻygan ariza;
diniy tashkilotlar markaziy boshqaruv organining ustavi;
taʼsis yigʻilishi (konferensiyasi)ning bayoni;
taʼsischilar vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar;
rahbar organ joylashgan manzilni tasdiqlovchi hujjat;
davlat boji toʻlangani toʻgʻrisidagi hujjat.
Diniy tashkilotlar hamda ularning markaziy boshqaruv organlarini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza berilgan kundan eʼtiboran bir oylik muddatda koʻrib chiqiladi.
Adliya organlari qoʻshimcha materiallar talab qilib olishga hamda tegishli organlarning ekspert xulosasini olishga haqli. Bunday holda qaror roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza berilgan kundan eʼtiboran uch oylik muddatda qabul qilinadi.
Diniy tashkilotning ustaviga kiritilgan qoʻshimchalar va oʻzgartishlar diniy tashkilotni roʻyxatga olish kabi tartib va muddatlarda roʻyxatga olinishi lozim.
Diniy tashkilotlar rahbarlarining tashkilot ustavini davlat organlaridan roʻyxatdan oʻtkazishdan boʻyin tovlashi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortishga olib keladi.
Diniy tashkilotning faoliyati oʻz ustaviga muvofiqligini nazorat qilish diniy tashkilotni roʻyxatga olgan organ tomonidan amalga oshiriladi.
