27-modda. Advokatlar tomonidan davlat hisobidan koʻrsatilgan yuridik yordam uchun haq toʻlash
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida (O‘RQ-848-son) · Sana: 16.06.2023 · Amalda
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatgan advokatga ushbu Qonunga muvofiq koʻrsatilgan yuridik yordam uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda va miqdorlarda toʻlov amalga oshiriladi.
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokat ushbu Qonunning 22-moddasiga muvofiq almashtirilgan taqdirda yoki davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish ushbu Qonunning 23-moddasiga muvofiq tugatilganda amalda yuridik yordam koʻrsatgan advokatga toʻlov amalga oshiriladi.
Davlat hisobidan koʻrsatilgan yuridik yordam uchun advokatga qonunchilikda belgilangan muddatda va tartibda toʻlov amalga oshirilishi kerak.
Davlat hisobidan koʻrsatilgan yuridik yordam uchun advokatga toʻlov Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining tegishli hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatga yuridik yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xizmat safari va transport xarajatlarining oʻrni qonunchilikka muvofiq qoplanadi.
