23-modda. Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatishni tugatish asoslari
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida (O‘RQ-848-son) · Sana: 16.06.2023 · Amalda
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish maxsus vakolatli davlat organining qarori asosida quyidagi asoslarga koʻra tugatiladi:
davlat hisobidan yuridik yordam olish toʻgʻrisida ariza bergan jismoniy shaxsning arizasiga koʻra;
davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi jismoniy shaxs “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida kam taʼminlangan shaxslar toifasidan chiqarilgan boʻlsa;
qaysi ish boʻyicha jismoniy shaxsga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish uchun ilgari advokat taqdim etilgan boʻlsa, oʻsha ish boʻyicha mazkur jismoniy shaxs boshqa advokat bilan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan boʻlsa;
jismoniy shaxsning arizasida koʻrsatilgan masala boʻyicha yuridik yordam koʻrsatish sudning tegishli hukmi, qarori yoki ajrimi chiqarilganligi munosabati bilan yakunlangan boʻlsa;
psixiatriya muassasasi tomonidan jismoniy shaxsga psixiatriya yordamini koʻrsatish tugatilgan boʻlsa;
davlat hisobidan yuridik yordam olayotgan jismoniy shaxs vafot etgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan yoxud bedarak yoʻqolgan deb topilgan boʻlsa;
davlat hisobidan yuridik yordam olayotgan shaxs advokatdan belgilangan tartibda yozma ravishda voz kechganda.
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan hollarda davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxsning advokatdan voz kechishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
