11-modda. Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatiladigan ishlar
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida (O‘RQ-848-son) · Sana: 16.06.2023 · Amalda
Davlat hisobidan yuridik yordam ushbu Qonun 9-moddasining 1-bandida koʻrsatilgan jismoniy shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudiga fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga va maʼmuriy sudlarga taalluqli boʻlgan quyidagilar haqidagi ishlar boʻyicha koʻrsatiladi:
muayyan ishda sud tomonidan oʻziga nisbatan qoʻllanilgan qonunning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi haqidagi;
ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash hamda toʻlash toʻgʻrisidagi;
ishga tiklash haqidagi;
ish haqini undirish toʻgʻrisidagi;
alimentlarni undirish haqidagi;
uyga kiritish, turar joydan foydalanish huquqini yoʻqotgan deb topish va koʻchirish toʻgʻrisidagi;
mehnatda mayib boʻlganlik yoki sogʻliqning boshqacha tarzda shikastlanganligi, shuningdek boquvchining vafot etganligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash haqidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 991-moddasida nazarda tutilgan tartibda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarning, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlarining va sudning qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan kam taʼminlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ushbu shaxslar tomonidan maʼmuriy qamoq tarzidagi maʼmuriy jazo nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan hollarda koʻrsatiladi.
Ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslarga psixiatriya yordami koʻrsatilayotganda davlat hisobidan yuridik yordam:
tashxis qoʻyish, davolash va reabilitatsiya qilish;
tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash;
jinoyat, fuqarolik ishlari va maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud-psixiatriya ekspertizasini oʻtkazish chogʻida koʻrsatiladi.
Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi toʻgʻrisidagi ishlarni sudlarda koʻrish chogʻida davlat hisobidan yuridik yordam xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlashning quyidagi yoʻnalishlari boʻyicha koʻrsatiladi:
davlat fuqarolik xizmati sohasida;
saylov huquqlarini amalga oshirishda;
iqtisodiy sohada hamda tadbirkorlik faoliyatida;
