28-modda. Oʻzbekiston Respublikasida din masalalari boʻyicha davlat idoralari
Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida (289-XII-son) · Sana: 14.06.1991 · Kuchini yo'qotgan
Oʻzbekiston Respublikasida dinlar va diniy tashkilotlarga oid masalalar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Diniy ishlar qoʻmitasi, viloyat va Toshkent shahar hokimlari shugʻullanadi. Ularning zimmasiga maslahat berish, mutaxassislar xulosasini chiqarish, nazorat qilish va axborot berib turish vazifalari yuklanadi.
Din masalalari davlat idoralari:
chet ellardagi diniy muassasalar bilan muloqot qilib turadi va muvofiqlashtiruvchi aloqalar bogʻlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasidagi diniy tashkilotlar toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻplaydi hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunlarning ijrosi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi. Shu maqsadlarda diniy tashkilotlar rahbarlaridan kerak axborot talab qilishga va olishga hamda ularning faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan marosimlarda ishtirok etishga haqlidir;
diniy tashkilotlarning iltimosiga muvofiq davlat idoralari bilan kelishuvga erishishda koʻmaklashadi va davlat idoralari hal etishini talab qiluvchi masalalar yuzasidan zarur yordam beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi ichidagi va chet ellardagi turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar oʻrtasida hamjihatlik va hayrixohlikni mustahkamlashga koʻmaklashadi;
dinshunoslik boʻyicha ekspertiza oʻtkazish uchun diniy masalalar bilan shugʻullanuvchi boʻlinmalar huzurida dinshunoslar jamoatchi ekspert kengashlarini tuzadi, diniy tashkilotlar vakillari va inson huquqlari muammolari boʻyicha mutaxassislarni belgilaydi;
davlat boshqaruv va sud idoralarining soʻrovi boʻyicha rasmiy ekspert xulosasini taqdim etadi.
