16-modda. Diniy tashkilotlarning mulki
Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida (289-XII-son) · Sana: 14.06.1991 · Kuchini yo'qotgan
Diniy tashkilotlarning faoliyatini taʼminlash uchun zarur boʻlgan binolar, imoratlar, din anjomlari, ishlab chiqarish, ijtimoiy va xayriya inshootlari, pul mablagʻlari va boshqa mol-mulklar ularning mulki boʻlishi mumkin.
Diniy tashkilotlar oʻz mablagʻlari, fuqarolar, jamoat tashkilotlari ehson qilgan, fuqarolar vasiyat qilib qoldirgan mablagʻlar hisobiga sotib olingan yoki barpo etilgan yoxud davlat tomonidan topshirilgan, shuningdek qonunda koʻzda tutilgan boshqa asoslarga koʻra sotib olingan mol-mulkka nisbatan mulk huquqiga egadirlar.
Diniy tashkilotlarning chet ellarda ham mulki boʻlishi mumkin.
Diniy tashkilotlar baholi qudrat moddiy va oʻzga xayr-ehson qilinishini soʻrab oʻz xayrixohlariga murojaat qilishga va ularni olishiga haqlidirlar.
Diniy tashkilotlarning moliyaviy va mulkiy xayr-ehsonlariga soliq solinmaydi.
Diniy tashkilotlarning mulkiy huquqlarini qonun muhofaza qiladi.
