33-modda. Patent egasi huquqining buzilishi
“Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (395-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Ruxsat olmagan holda:
seleksiya yutugʻini yetishtirish va takror yetishtirish (koʻpaytirish);
seleksiya yutugʻini nav yoki nasllik konditsiyalariga yetkazish;
muhofaza qilinayotgan seleksiya yutugʻidan foydalangan holda yaratilgan mahsulotni sotishga taklif qilish, sotish va boshqacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish;
saqlash, olib kirish, olib chiqish;
maʼlumotlar Apellyatsiya kengashiga yoki talabnoma beruvchi yoxud patent egasining huquqlarini himoya qilishga qaratilgan rasmiy taomillarni amalga oshirayotgan shaxsga oshkor etilishini istisno qilgan holda, seleksiya yutugʻiga oid tijorat siri hisoblangan maʼlumotlarni oshkor qilish patent egasi huquqlarining buzilishi deb eʼtirof etiladi.
Patent egasining huquqlarini buzgan shaxslar yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplashi shart. Patent egasi oʻzining huquqlarini buzgan shaxsdan zararlarning qoplanishi oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon toʻlashini talab qilishi mumkin. Bunda tovon zararlar yetkazilishi faktidan qatʼi nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va patent egasining huquqlarini buzgan shaxsning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda toʻlanadi. Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi.
