20-modda. Talabnomaning rasmiy ekspertizasi
“Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (395-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Talabnomaning rasmiy ekspertizasi talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran ikki oy oʻtgach oʻtkaziladi. Talabnoma beruvchining iltimosnomasiga binoan rasmiy ekspertiza koʻrsatilgan muddat tugashidan oldin boshlanishi mumkin. Ekspertiza mobaynida ustuvorlik sanasi belgilanadi, zarur hujjatlarning qoʻyilayotgan talablarga qanchalik mosligi tekshiriladi.
Talabnoma beruvchi talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran ikki oy mobaynida oʻz tashabbusi bilan talabnoma materiallariga qoʻshimchalar, aniqliklar yoki tuzatishlar kiritishga haqlidir.
Agar talabnomaning rasmiy ekspertizasi jarayonida talabnoma qonunchilikda belgilangan talablarni buzgan holda rasmiylashtirilganligi aniqlansa, talabnoma beruvchiga tegishli bildirishnoma yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy muddat ichida yetishmayotgan yoki tuzatilgan hujjatlarni taqdim etish zarurligi toʻgʻrisida bildirishnoma yuboriladi.
Agar zarur qoʻshimchalar, aniqliklar yoki tuzatishlar belgilangan muddatda kiritilmagan, patent berish haqidagi talabnoma tushgan sanada undagi yetishmayotgan hujjatlar taqdim etilmagan yoki ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan muddatni uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma topshirilmagan boʻlsa, u holda talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi.
Talabnoma beruvchi tomonidan oʻtkazib yuborilgan muddat, uning bu muddat oʻtganidan keyin olti oydan kechiktirmay topshirgan iltimosnomasiga binoan, Davlat muassasasi tomonidan tiklanishi mumkin.
Talabnomaning rasmiy ekspertizasi natijalari boʻyicha Davlat muassasasining qarori talabnoma beruvchiga maʼlum qilinadi.
Talabnoma beruvchi Davlat muassasasining qaroriga rozi boʻlmasa, qaror yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashiga (bundan buyon matnda Apellyatsiya kengashi deb yuritiladi) murojaat qilish huquqiga ega. Apellyatsiya kengashi apellyatsiya kelib tushgan sanadan eʼtiboran ikki oylik muddat ichida uni koʻrib chiqishi lozim.
Apellyatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran olti oy ichida sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Rasmiy ekspertizadan oʻtgan patent berish haqidagi talabnomani Davlat muassasasi patentga layoqatliligini ekspertizadan oʻtkazish uchun tegishli ixtisoslashtirilgan tashkilotga yuboradi.
