2-modda. Asosiy tushunchalar
“Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (395-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
zot — genetik jihatdan oʻzaro bogʻliq biologik va morfologik xususiyatlari hamda belgilariga qarab aniqlanadigan hayvonlar (shu jumladan parrandalar, hasharotlar, ipak qurti) yoki ularning duragaylari guruhi boʻlib, bu xususiyatlar hamda belgilarning ayrimlari aynan shu guruhga xos boʻladi va uni hayvonlarning boshqa guruhlaridan farqlab turadi. Zot guruhi, zot ichidagi (zonal) tip, zavod tipi, zavod liniyasi, zot oilasi, partenoklonlar, liniyalar, duragaylar zotning muhofaza qilinadigan obyektlaridir;
ish beruvchi — seleksiya yutugʻini yaratish toʻgʻrisida topshiriq bergan va bu topshiriq bajarilishini moliyalashtirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
litsenziar — seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqini litsenziatga litsenziya shartnomasi asosida beruvchi patent egasi;
litsenziat — seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqini litsenziardan litsenziya shartnomasi asosida olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
nav — oʻsimliklar guruhi boʻlib, u nasldan naslga barqaror oʻtuvchi, muayyan genotip yoki genotiplar kombinatsiyasini boshqalaridan ajratib turuvchi belgilarga qarab aniqlanadi va ayni bir botanik taksondagi boshqa oʻsimliklar guruhidan bir yoki bir necha belgilari bilan farqlanadi. Klon, liniya, birinchi avlod duragayi, populyatsiya navning muhofaza qilinadigan obyektlaridir;
patent egasi — seleksiya yutugʻiga berilgan patentning egasi;
seleksiya yutugʻi — oʻsimliklarning yangi navi, hayvonlarning yangi zoti;
talabnoma beruvchi — seleksiya yutugʻiga patent berish haqida talabnoma topshirgan yuridik yoki jismoniy shaxs.
