13-modda. Seleksiya yutugʻining nomi
“Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (395-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Seleksiya yutugʻining talabnoma beruvchi taklif etgan va Davlat muassasasi tomonidan qabul qilingan nomi boʻlishi lozim.
Seleksiya yutugʻining nomi seleksiya yutugʻini identifikatsiya qilish imkonini berishi, qisqa boʻlishi, shu yoki shunga yaqin botanik yoxud zoologik turdagi mavjud seleksiya yutuqlarining nomidan farqlanib turishi kerak. Seleksiya yutugʻining nomi faqat raqamlardan iborat boʻlib qolmasligi, seleksiya yutugʻining xususiyatlari, kelib chiqishi, ahamiyati haqida, muallifning (hammualliflarning) shaxsi haqida yanglishishlarga olib kelmasligi, insonparvarlik va axloq qoidalariga zid boʻlmasligi lozim.
Seleksiya yutugʻining nomi tegishli reyestrga ayni bir vaqtda muhofaza etiladigan seleksiya yutugʻi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham kiritilgan holda qayd etiladi.
Agar patent berish haqidagi talabnoma Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa davlatlarda topshirilayotgan boʻlsa, seleksiya yutugʻining nomi bu talabnomalarda bir xil boʻlishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida yoki Oʻzbekiston Respublikasi seleksiya yutuqlarini huquqiy muhofaza qilish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan mamlakat hududida urugʻlikni, navning koʻchat materialini yoxud zotning nasl materialini sotishni taklif etayotgan yoki sotayotgan har qanday shaxs seleksiya yutugʻining nomidan, agar uchinchi shaxslarning huquqlari bundan foydalanishga toʻsqinlik qilmaydigan boʻlsa, hatto seleksiya yutugʻiga berilgan patentning amal qilish muddati tugaganidan keyin ham foydalanishi shart.
