Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasining 2022-yildagi hamda 2023-yilning birinchi choragidagi faoliyati toʻgʻrisida (3185-IV-son)
15.05.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2022-yildagi hamda 2023-yilning birinchi choragidagi faoliyati yuzasidan axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) Kengashi taʼkidlaydiki, Qoʻmita ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni qayta ishlash faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, sohada olib borilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlash borasida qator ishlarni amalga oshirgan.
Hisobot davrida Qoʻmita jami 6 ta qonun loyihasini maromiga yetkazishga masʼul etib belgilangan hamda ular maʼqullash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilgan.
Xususan, daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesganlik uchun maʼmuriy jazo choralarini kuchaytirishga, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilashga, yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda yoki tutqunlikda saqlashni tartibga solishga qaratilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonun loyihalari shular jumlasidandir.
Shuningdek “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi bilan chiqindilarni toʻplash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi soliq toʻlovchilarga tegishli soliq imtiyozlari berish nazarda tutildi.
Saylovchilar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda hamda fuqarolarning murojaatlarida koʻtarilgan masalalarni hal etish maqsadida Qoʻmita aʼzolari tomonidan 2 ta qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun kiritilgan.
Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihalari qonunchilik amaliyotida aniqlangan boʻshliqlarni toʻldirishga xizmat qildi.
Qoʻmita tomonidan davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan qonunlarning hamda Qonunchilik palatasi qarorlarining ijro etilish holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini joylarga chiqib oʻrganish, mansabdor shaxslar tomonidan qonunlarga rioya etilishi toʻgʻrisidagi axborotini eshitishga qaratilgan jami 30 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazilgan.
Jumladan, Qoʻmita aʼzolari tomonidan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilish holati Qoraqalpogʻiston Respublikasi, “Ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilish holati Sirdaryo va Jizzax viloyatlari, “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilish holati Toshkent va Buxoro viloyatlari hamda “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilish holati Navoiy viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrganilgan. Mazkur oʻrganish yakunlari soha mutasaddilari ishtirokida Qoʻmita majlislarida atroflicha koʻrib chiqilib, Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilingan.
Bundan tashqari 2023-yil 16-fevralda oʻtkazilgan Qoʻmita majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining “Qurilish obyektlarida daraxtlar kesilishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar toʻgʻrisida”gi axboroti eshitilgan.
Qoʻmita tashabbusi bilan 2022-yil 13-sentabrda Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziriga “Suv resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovi yuborilgan.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan saylovchilar bilan tizimli muloqotni kuchaytirishga, joylarda mavjud muammolarni oʻz vaqtida aniqlashga, ularni tezkorlik bilan bartaraf etishga ustuvor ahamiyat berilgan holda jismoniy va yuridik shaxslarning 358 ta murojaati koʻrib chiqilgan.
Qoʻmita faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, sohaga oid qabul qilinayotgan qonun xujjatlarining mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik mustahkamlangan. Xususan, Qoʻmitaning faoliyati ommaviy axborot vositalarida jami 2 610 marotaba yoritilgan.
Shu bilan birga Qoʻmitaning oʻtgan davrdagi faoliyati tahlili bu borada hali oʻz yechimini kutayotgan qator masalalar ham mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanish samaradorligini yanada oshirish, qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari bilan amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish, ular bilan qonun loyihalarini ishlab chiqish borasida birgalikda ishlash tizimini yanada takomillashtirish talab etilmoqda.
Qoʻmita tomonidan qonunlarning joylarda ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida oʻrganish borasidagi faollikni yanada kuchaytirish, shuningdek aniqlangan muammolarga joyiga chiqqan holda aholi fikrini oʻrganib, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yechim topish muhim ahamiyat kasb etadi.
Qoʻmita tashabbusi bilan oʻtkazilgan parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini doimiy ravishda monitoring qilib borish zarur.
Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolarini qonun loyihalarini ishlab chiqish va nazorat-tahlil tadbirlariga kengroq jalb qilish lozim.
Mamlakatimizda olib borilayotgan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi islohotlar Qoʻmitaning tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlash tizimi samaradorligini oshirishni taqozo etmoqda.
Shuningdek qonun loyihalari boʻyicha fuqarolar tomonidan berilayotgan takliflarni bevosita ular ishtirokida Qoʻmita majlislarida muhokama etish, joylarda fuqarolar tomonidan koʻtarilayotgan muammolarni masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda koʻrib chiqish hamda ularga yechim topish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish zarur.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasining 2022-yildagi hamda 2023-yilning birinchi choragidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi:
nazorat-tahlil tadbirlari doirasida qabul qilingan qarorlarning ijro etilishi holatini doimiy ravishda monitoring qilib borish va amaliyotda uchraydigan muammolarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
qonun tashabbuskorligi borasidagi takliflarni koʻpaytirish, Qoʻmita masʼul boʻlgan qonun loyihalarining jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish hamda kelib tushgan takliflar va fikr-mulohazalarni qonun loyihalarini maromiga yetkazishda hisobga olish;
qonunchilik hujjatlari boʻyicha fuqarolar tomonidan berilgan takliflarni bevosita ular ishtirokida Qoʻmita majlislarida muhokama etish hamda fuqarolar tomonidan koʻtarilayotgan masalalarni mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda koʻrib chiqish;
sohani rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari va boshqa dasturlarning masʼul vazirliklar hamda idoralar tomonidan bajarilishi boʻyicha samarali parlament nazoratini olib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida koʻtarilgan dolzarb masalalardan kelib chiqib, mutasaddi vazirlik va idoralar bilan tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari X. Gapporov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari O. TOJIYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-may,
3185-IV-son
