Asalarichilik tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va qishloq xoʻjaligi ekinlarini asalari bilan changlatishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (239-son)
12.06.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikada asalarichilik tarmogʻini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida rivojlantirish, asalarichilik faoliyatini samarali tashkil etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirishda ularni asalari bilan changlatish amaliyotini keng joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi, “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining 1-ilovaga muvofiq 2023-yilda 200 ming gektar maydonda paxta hosildorligini oshirish uchun gʻoʻzani asalari bilan changlatish agrotexnikasini qoʻllash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Bunda gʻoʻzani asalari bilan changlatish xizmati uchun toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) paxta hosilini yetishtirishni moliyalashtirishga ajratiladigan resurs mablagʻlari hisobidan asalarichilik subyektlariga, paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari va paxta-toʻqimachilik klasterlari oʻrtasida tuziladigan shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
2. Belgilansinki, gʻoʻzani asalari bilan changlatish agrotexnikasini qoʻllash uchun Jamgʻarmadan ajratilayotgan mablagʻlarning 80 foizi asalarichilik subyektlariga, 10 foizi Uyushmaga yoʻnaltiriladi hamda 10 foizi Jamgʻarmada qoldiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklarining Namangan hamda Fargʻona viloyatlari tajribasi asosida Asalarichilik sanoat markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda kooperatsiya asosida aholi xonadonlarini asalarichilikka ixtisoslashtirish, asalari oilalarini yetishtirish, Asalarichilik sanoat markazida asal sotish doʻkonlari, asal mahsulotini qayta ishlash, qadoqlash, asalarichilik asbob-anjomlari va jihozlarini ishlab chiqarish, mahalliy sharoitda ona asalarilarini yetishtirish, “ustoz-shogird” anʼanasi asosida yoshlarni asalarichilik faoliyatiga jalb etish, asalarining turli kasalliklarining oldini olish boʻyicha veterinariya xizmatlari tashkil qilinadi.
Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklari Asalarichilik sanoat markazi tashkil etiladigan hududlarni aniqlab, ushbu hududlar tarkibiga kiritilgan yer uchastkalarini asalarichilik subyektlariga belgilangan tartibda ajratib berilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki qoʻyilsinki, Asalarichilik sanoat markazida faoliyat yuritish istagi boʻlgan asalarichilik subyektlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 13-yanvardagi PQ-84-son qaroriga muvofiq Fransiya taraqqiyot agentligining “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida jalb qilingan resurs mablagʻlari hisobidan tijorat banklarining kreditlari ajratiladi.
5. Quyidagilar:
2023 — 2024-yillarda asalari oilalari sonini koʻpaytirish va asal yetishtirishning prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
2023 — 2024-yillarda asalarichilik subyektlari va mahalliy sharoitda yetishtiriladigan ona arilar sonini koʻpaytirishning prognoz koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga qishloq xoʻjaligi ekinlarini asalari bilan changlatish boʻyicha quyidagi vazifalar yuklansin:
qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirish uchun asalari bilan changlatish xizmatini koʻrsatishni tashkil etish;
asalarichilik subyektlari, paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari va paxta-toʻqimachilik klasterlari oʻrtasida tuziladigan shartnomalar reyestrini yuritish;
qishloq xoʻjaligi ekinlarini asalari bilan changlatish xizmatini koʻrsatadigan malakali mutaxassislarni tayyorlash;
qishloq xoʻjaligi ekinlarini asalari bilan changlatish agrotexnikasini va uni qoʻllashni yanada takomillashtirish, bu boradagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.
7. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
ikki oy muddatda fermer va dehqon xoʻjaliklari hamda tomorqa yer egalarining asalarichilik loyihalarining 2024 — 2025-yillarga moʻljallangan manzilli dasturini shakllantirsin va ushbu maqsadlar uchun Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan bosqichma-bosqich 35 mlrd soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilishini taʼminlasin;
asalarichilik bilan shugʻullanuvchi aholi xonadonlarining taklifiga asosan asalarilarni boqish uchun mavsumiy ekin turidan kelib chiqib, fermer xoʻjaliklarining ekin maydonlarini tekin foydalanish sharti bilan biriktirib borish choralarini koʻrsin.
8. “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi paxta-toʻqimachilik klasterlari bilan birgalikda paxta maydonlarida zararkunandalarga qarshi kimyoviy ishlov berilishidan uch kun oldin Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining hududiy boʻlinmalarini va ushbu hududda joylashgan asalarichilik subyektlarini foydalanilayotgan kimyoviy vositani qoʻllash vaqti, uning nomi, taʼsir doirasi va muddati toʻgʻrisida xabardor qilib borsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi zararkunandalarga qarshi qoʻllanilayotgan kimyoviy vositalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mobil platformalardagi dasturlarda aks ettirib borilishini yoʻlga qoʻysin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hosilga kirgan intensiv mevali bogʻlar hosildorligini oshirish maqsadida 2024-yildan boshlab shartnoma asosida intensiv mevali bogʻlarda asalari bilan changlatish agrotexnikasini qoʻllash choralarini koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023-yil 1-dekabrga qadar 2024-yildan boshlab har yili intensiv mevali bogʻlarda asalari bilan changlatish agrotexnikasini qoʻllash uchun Jamgʻarmaga teng ulushlarda qaytarish sharti bilan yillik 7 foiz stavkada budjet ssudasini ajratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
11. Belgilansinki:
b) 2026-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tizimidagi laboratoriyalarda Uyushmaning tavsiyasiga asosan mahalliy ishlab chiqarilgan asal sifatini tekshirish va xulosa berish bepul amalga oshiriladi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-sentabrdan boshlab maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va shifoxonalardagi bemorlarning kunlik isteʼmol ratsioniga asal mahsulotini kiritish masalasini koʻrib chiqsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi Uyushma bilan birgalikda har yili 1 — 10-dekabr kunlari Toshkent shahrida “Asal bayrami” va “Asalarichilik mahsulotlari” xalqaro koʻrgazmasini oʻtkazib borsin hamda mazkur koʻrgazma doirasida:
respublika hududlarida yetishtirilgan asal va asalari mahsulotlari savdo yarmarkasini tashkil qilib, aholiga sifatli asal mahsulotlarini yetkazib berish;
asalarichilik sohasi rivojlangan davlatlardan malakali mutaxassislar va olimlarni taklif etgan holda asalarichilik boʻyicha ilgʻor tajribalarni targʻib qilish;
asalarichilar oʻrtasida tajriba almashish va ularning malakasini oshirish boʻyicha tasdiqlangan dastur asosida oʻquv-amaliy seminarlar oʻtkazish;
respublikada va xorijiy davlatlarda asalarichilik sohasida qoʻllanilayotgan ilgʻor texnologiyalar hamda uskunalar koʻrgazmasini tashkil etish choralarini koʻrsin.
Ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish bilan bogʻliq xarajatlar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab berilishi belgilab qoʻyilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi Uyushma bilan birgalikda asalarichilik subyektlarining “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasi tomonidan tashkil qilinadigan koʻrgazma va konferensiyalarda doimiy ishtirok etishini taʼminlash boʻyicha zarur choralarni koʻrib borsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Uyushma “Agrobank” ATB huzurida tashkil etilgan “Fermerlar maktabi”da paxta maydonlari va intensiv mevali bogʻlarda asalarilar bilan changlatish agrotexnikasini qoʻllashning ahamiyati, iqtisodiy samarasi, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligi va mahsulot sifatining oshishiga taʼsiri, bu borada asalarichilik sohasi rivojlangan xorijiy davlatlardagi tajribalarni qoʻllash boʻyicha paxta-toʻqimachilik klasterlari, fermer xoʻjaliklari va intensiv mevali bogʻ egalarining oʻquv kurslarini tashkil etsin.
“Agrobank” ATBga ushbu oʻquv kurslarini tashkil etish va oʻquv-amaliy qoʻllanmalarni tayyorlash, chet eldan malakali mutaxassislarni jalb qilish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini asalari bilan changlatish agrotexnikasining ahamiyati boʻyicha videorolik va telekoʻrsatuvlar tayyorlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish tavsiya etilsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi paxta va intensiv mevali bogʻlar hosildorligining oshishiga asalari bilan changlatish agrotexnikasining taʼsiri tahlilidan kelib chiqqan holda, “Qishloq xoʻjaligi ekinlarini parvarishlash va mahsulot yetishtirish boʻyicha namunaviy texnologik karta”siga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish masalasini koʻrib chiqsin.
17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 12-iyun,
239-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 12-iyundagi 239-son qaroriga 1-ILOVA
2023-yilda paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan gʻoʻzani asalari bilan changlatish agrotexnikasi qoʻllaniladigan maydonlarning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
T/r Hududlar nomi Paxta-toʻqimachilik klasterlari soni Jami paxta maydoni, gektar Gʻoʻzani asalari bilan changlatish agrotexnikasi qoʻllaniladigan maydon, gektar Dalaga qoʻyiladigan asalari oilasi soni, dona 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 11 86 800 13 000 26 000 2. Andijon viloyati 15 74 996 14 000 28 000 3. Buxoro viloyati 11 96 220 16 000 32 000 4. Jizzax viloyati 6 82 100 12 500 25 000 5. Qashqadaryo viloyati 18 137 500 19 500 39 000 6. Navoiy viloyati 4 28 155 10 000 20 000 7. Namangan viloyati 7 61 025 14 000 28 000 8. Samarqand viloyati 11 73 246 18 000 36 000 9. Surxondaryo viloyati 11 72 270 20 000 40 000 10. Sirdaryo viloyati 9 77 500 10 000 20 000 11. Toshkent viloyati 6 70 161 19 000 38 000 12. Fargʻona viloyati 13 77 821 15 000 30 000 13. Xorazm viloyati 12 82 757 19 000 38 000 Jami: 134 1 020 551 200 000 400 000
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 12-iyundagi 239-son qaroriga 2-ILOVA
2023 — 2024-yillarda asalari oilalari sonini koʻpaytirish va asal yetishtirishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
T/r Hududlar nomi Asalari oilalari soni, dona Farqi, +- Oʻsish, foiz Yetishtiriladigan asal miqdori, tonna Farqi, +- Oʻsish, foiz 2023-yil 2024-yil 2023-yil 2024-yil 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 40 188 48 800 8 612 121,4 1 470 1 643 173 111,8 2. Andijon viloyati 103 053 128 200 25 147 124,4 1 896 2 019 123 106,5 3. Buxoro viloyati 120 364 143 600 23 236 119,3 2 900 3 200 300 110,3 4. Jizzax viloyati 126 311 146 700 20 389 116,1 2 336 2 650 314 113,4 5. Qashqadaryo viloyati 130 409 158 300 27 891 121,3 2 730 3 151 421 115,4 6. Navoiy viloyati 89 230 110 400 21 170 123,7 2 006 2 342 336 116,7 7. Namangan viloyati 251 275 290 000 38 725 115,4 5 617 6 036 419 107,5 8. Samarqand viloyati 99 417 125 700 26 283 126,4 2 576 2 790 214 108,3 9. Surxondaryo viloyati 104 727 127 200 22 473 121,4 2 421 2 706 285 111,7 10. Sirdaryo viloyati 24 533 40 000 15 467 163,1 866 1 050 184 121,2 11. Toshkent viloyati 84 146 102 000 17 854 121,2 1 973 2 254 281 114,2 12. Fargʻona viloyati 131 211 165 000 33 789 125,8 2 356 2 633 277 111,8 13. Xorazm viloyati 95 260 114 385 19 125 120,1 2 378 2 753 375 115,8 Jami: 1 400 124 1 700 285 300 161 128,6 31 525 35 227 3 702 111,7
* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”2022-yil 8-fevraldagi PQ-120-son qaroriga ilovaning 12-bandiga muvofiq belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 12-iyundagi 239-son qaroriga 3-ILOVA
2023 — 2024-yillarda asalarichilik subyektlari va mahalliy sharoitda yetishtiriladigan ona arilar sonini koʻpaytirishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
T/r Hududlar nomi Asalarichilik subyektlari soni Farqi, +- Oʻsish, foiz Mahalliy sharoitda yetishtiriladigan ona arilar soni Farqi, +- Oʻsish, foiz 2023-yil 2024-yil 2023-yil 2024-yil 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 1 750 2 050 300 117,1 40 414 47 801 7 387 118,3 2. Andijon viloyati 2 850 3 180 330 111,6 158 691 171 137 12 446 107,8 3. Buxoro viloyati 1 900 2 180 280 114,7 73 979 83 522 9 543 112,9 4. Jizzax viloyati 2 050 2 400 350 117,1 62 589 79 623 17 034 127,2 5. Qashqadaryo viloyati 1 900 2 210 310 116,3 99 159 117 355 18 196 118,4 6. Navoiy viloyati 2 000 2 300 300 115,0 110 303 126 351 16 048 114,5 7. Namangan viloyati 3 400 3 850 450 113,2 368 589 389 244 20 655 105,6 8. Samarqand viloyati 2 650 2 920 270 110,2 56 709 70 722 14 013 124,7 9. Surxondaryo viloyati 1 900 2 180 280 114,7 68 868 88 170 19 302 128,0 10. Sirdaryo viloyati 620 910 290 146,8 37 699 47 155 9 456 125,1 11. Toshkent viloyati 2 100 2 380 280 113,3 116 322 131 178 14 339 112,3 12. Fargʻona viloyati 2 730 2 990 260 109,5 228 339 256 330 27 991 112,3 13. Xorazm viloyati 2 150 2 450 300 114,0 78 339 91 497 13 158 116,8 Jami: 28 000 32 000 4 000 114,3 1 500 000 1 700 085 200 085 113,3
* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”2022-yil 8-fevraldagi PQ-120-son qaroriga ilovaning 12-bandiga muvofiq belgilangan.
