2023-2024-yillarda Toshkent shahrining Shayxontohur tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-182-son)
07.06.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi mavjud zaxiralardan toʻliq va samarali foydalanish, savdo, xizmat koʻrsatish va turizm sohalarini jadal rivojlantirish, ijtimoiy soha va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash orqali aholining turmush darajasini yanada oshirish maqsadida:
1. Toshkent shahar hokimligining Shayxontohur tumanida quyidagilarni nazarda tutuvchi 20,7 km uzunlikdagi “Turizm halqasi”ni barpo etish taklifi maʼqullansin:
uzilishsiz piyodalar yoʻlagi (nogironligi boʻlgan shaxslar, shu jumladan koʻzi ojizlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratgan holda) va veloyoʻlaklar hamda yashil hududlar barpo etish;
sugʻorish va irrigatsiya-drenaj tarmoqlarini rekonstruksiya qilish;
hunarmandchilik markazlari va tematik sayilgohlarni tashkil etish, aholi gavjum koʻchalarni tunu kun faoliyat koʻrsatadigan savdo, koʻngilochar, gastronomik va turizm koʻchalariga aylantirish;
Toshkent shahrining tarixiy darvozalarini qayta tiklash.
4. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda Samarqand darvoza mahallasidagi “Zamonaviy kasblar maktabi”ni yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasblarga oʻqitishni tashkil etish uchun quyidagi majburiyatlar asosida xususiy sektorga tekin foydalanishga berishni taʼminlasin:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlar taʼlimi uchun grantlar ajratish;
taʼlim jarayonlariga tegishli sohadagi nufuzli ish beruvchilarni maʼruzachi sifatida jalb etish hamda oʻquv mashgʻulotlarini amaliyot bilan birgalikda olib borish;
Toshkent shahar hokimligi bilan kelishilgan kvota doirasida bitiruvchilarni ishga joylashtirish.
5. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahri, Shayxontohur tumani Sarxumdon mahallasidagi ixtisoslashtirilgan maktab hududidan 0,08 ga yer maydonini Toshkent shahar hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan namunaviy loyiha asosida temirchilik ustaxonalarini rekonstruksiya qilish uchun maktabga tutash hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
6. Toshkent shahar hokimligi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi taʼlim tashkilotlarida mavjud boʻsh yer maydonlarini 2-ilovaga muvofiq auksion savdolariga chiqarsin.
Bunda, mazkur yer maydonlarini sotishdan tushgan mablagʻlar tumandagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarini va maktablarni taʼmirlash hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirilsin.
8. Toshkent shahar hokimligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Madaniyat vazirligi bilan birgalikda 2024-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Oʻzbekiston davlat sirki binosining rekonstruksiya qilinishini taʼminlasin.
9. Toshkent shahar hokimligi:
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi va “Toshkentboshplanliti” DUK bilan birgalikda Shayxontohur tumanining arxitektura qiyofasini yaxshilash va investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida 2024-yil 1-iyunga qadar bosqichma-bosqich tuman hududlarining loyiha konsepsiyasini (dizayn kod va master rejalar) mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan ishlab chiqsin;
salohiyatli investorlarni jalb qilgan holda, konsepsiya asosida zamonaviy savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, energiya tejamkor texnologiyalar asosida turarjoy majmualari barpo etilishini taʼminlasin.
Bunda, qurilish ishlari xususiy investorlarni keng jalb etish hisobiga renovatsiya asosida, birinchi navbatda, eskirgan va avariya holatdagi kam qavatli uylarning muhandislik tarmoqlarini yangilashni nazarda tutgan holda amalga oshirilsin.
10. Toshkent shahar hokimligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda salohiyatli investorlar bilan muzokaralar olib borgan holda uch oy muddatda Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida ekologik toza va yuqori texnologik ishlab chiqarish loyihasini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda 3-ilovaga muvofiq markazlashtirilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil uchun ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirishda inobatga olsin.
Bunda, mazkur obyektlar loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlar 2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida iqtisod qilingan va oʻzlashtirilmagan mablagʻlarni qayta taqsimlash hisobidan moliyalashtirilsin.
12. Toshkent shahar hokimligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Sh.B. Umurzakov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 7-iyun,
PQ-182-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-iyundagi PQ-182-son qaroriga 2-ILOVA
Nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun auksion savdolariga chiqariladigan Shayxontohur tumanidagi taʼlim tashkilotlaridagi boʻsh yer maydonlari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-iyundagi PQ-182-son qaroriga 3-ILOVA
2024-yilda Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal taʼmirlash rejalashtirilgan ijtimoiy soha obyektlari
ROʻYXATI
