Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-174-son)
31.05.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Bugungi kunda atrof-muhitning ifloslanishi, iqlim oʻzgarishi va tabiiy resurslardan samarasiz foydalanish bilan bogʻliq global muammolar barqaror rivojlanishga eʼtibor qaratish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yangi formatdagi mutaxassislar va ekspertlarni tayyorlash, shuningdek, muammolarni hal qilishda innovatsion yondashuvlarni joriy etishni talab etmoqda.
Soʻnggi yillarda ekologik kun tartibi Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylantirilib, atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish hamda qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish yoʻnalishlarida konsepsiya va strategiyalar qabul qilindi.
Shu bilan birga, inson kapitalini rivojlantirish, ekologik xavflarni samarali boshqarish uchun zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan yuqori malakali, xalqaro darajadagi mutaxassislarni tayyorlashning yaxlit tizimi yetarli emasligi, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatni boshqarish sohasidagi intellektual va ilmiy salohiyatdan toʻliq foydalanish darajasining pastligi, shuningdek, mintaqaviy darajada barqaror rivojlanishning dolzarb masalalarini oʻrganish boʻyicha yagona tadqiqot platformasi mavjud emasligi kabi qator muammolar ushbu sohaga alohida eʼtibor qaratishni taqozo etmoqda.
Mahalliy, mintaqaviy va global ekologik muammolarni samarali boshqarish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, Oʻzbekistonning ilmiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarishda innovatsion gʻoyalar, amaliyot va texnologiyalarni tatbiq etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-81-son Farmoniga muvofiq Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Universitet davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi va uning faoliyati “Hub and Spoke” tamoyili asosida tashkil etiladi;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) Universitetning taʼsischisi hisoblanadi;
Universitetda oʻquv jarayoni nufuzli xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
3. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining muhim ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy muammolarini hal etishga qodir boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar, rahbarlar va tadbirkorlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni boshqarish va barqaror rivojlanish sohasida milliy, mintaqaviy va xalqaro innovatsion tizimlarni qoʻllab-quvvatlash uchun yangi bilimlarni tatbiq etish va fanlararo tadqiqotlarni amalga oshirish;
jahonning yetakchi “yashil” universitetlari tomonidan qoʻllaniladigan ilgʻor taʼlim dasturlari, innovatsion pedagogik uslub va texnologiyalarni ishlab chiqish, moslashtirish va joriy etish;
ilmiy-tadqiqot va amaliy bilimlarni integratsiya qilish, klaster asosida faoliyatni yoʻlga qoʻyish, akademik va kasbiy tajriba almashish, taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini joriy qilish;
xorijiy, davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari, shuningdek, Oʻzbekiston, mintaqa va jahon ilmiy markazlarini birlashtirishda boʻgʻin boʻlib xizmat qiladigan samarali platforma yaratish;
ilmiy va taʼlim jarayonlarini boshqarishning eng samarali tizimini yaratish, xorijiy ilmiy ekspertlarni jalb etish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va xalqaro reytinglarda yetakchi oʻrinlarni egallagan jahonning “yashil” universitetlari bilan strategik hamkorlik aloqalarini oʻrnatish;
Universitetning xalqaro taʼlim maydonida tan olinishiga erishish, nufuzli oliy taʼlim muassasalari reytinglarida munosib oʻrin egallash;
ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, oʻrmon xoʻjaligi va gidrometeorologiya sohasida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish uchun uzluksiz taʼlim tizimini, shuningdek, boshqaruv xodimlari uchun maxsus taʼlim dasturlarini yaratish;
Universitet tarkibiga kiruvchi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnika bazasi hamda ilmiy kadrlar salohiyatini mustahkamlash.
4. Belgilansinki:
a) Universitet mustaqil ravishda:
Universitet shtat jadvalini tasdiqlaydi, bakalavriat va magistratura bosqichida oʻqish tartibini belgilaydi;
xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida taʼlim yoʻnalishlarini belgilaydi, ularning oʻquv rejalari va dasturlarini tasdiqlaydi, professor-oʻqituvchilar faoliyatini tartibga soladi;
yuqori malakali professor-oʻqituvchilar, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni ularning mehnatiga haq toʻlash miqdorlarini bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda jalb qiladi;
Vazirlik bilan kelishgan holda bakalavriat, magistratura va doktoranturaga qabul qilish shartlarini, shuningdek, talabalarni qabul qilish uchun test fanlari blokini va taʼlim uchun toʻlov-kontrakt miqdorini belgilaydi;
innovatsion va ilmiy faoliyatni, shuningdek, ilm-fan yutuqlarini tijoratlashtiradi, moliyaviy resurslarni jalb qilish uchun tijorat va notijorat tashkilotlarni (startaplar, fondlar va boshqalar) tashkil etadi;
xorijiy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar bilan bevosita muzokaralar olib boradi, shuningdek, oʻzining moliyaviy, iqtisodiy, maʼmuriy va boshqaruv faoliyati masalalari boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
nashriyotlar va yetkazib beruvchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish orqali, shu jumladan, xalqaro toʻlov tizimlaridan foydalangan holda kitoblar, ixtisoslashtirilgan adabiyotlarni sotib olish, oʻquv jurnallari, elektron kutubxonalar va boshqa oʻquv resurslariga obuna boʻlish hamda inventarizatsiya qilishni bevosita amalga oshiradi;
b) Universitetda:
oʻquv jarayoni kredit-modul tizimi asosida maʼruza, laboratoriya va individual mashgʻulotlar, amaliy ishlar boʻyicha guruhlarda ishlash, tanqidiy fikrlash, masalani yechish va tajribalar yordamida amalga oshiriladi;
oʻqish oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi, bakalavriatda Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablarini hisobga olgan holda ingliz tili va Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy tillaridan birida oʻrgatiladi;
taʼlim jarayoni davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
oʻquv jarayoni “fan — taʼlim — ishlab chiqarish integratsiyasi” tamoyili boʻyicha tashkil etilib, birinchi kursdan boshlab talabalarga ishlab chiqarish va ilmiy markazlarda, magistrantlarga esa “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali oʻqishni yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida davom ettirish va nufuzli xorijiy kompaniyalarda malaka amaliyotini oʻtash imkoniyati beriladi;
v) talabalarni qabul qilish parametrlari Vazirlik bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilanadi;
g) yetakchi, eʼtirof etilgan xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va boshqalar) sertifikatlariga ega boʻlgan abituriyentlar tegishli fanlardan belgilangan tartibda eng yuqori ball oladi va kelgusida ular ushbu fanlardan imtihon topshirishdan ozod qilinadi;
d) har yili Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib va shartlarga asosan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun bakalavr taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kamida 25 ta hamda magistratura va doktorantura (PhD) mutaxassisliklari boʻyicha kamida 20 ta grant oʻrinlari ajratiladi;
e) Universitet rektori ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri tomonidan 2023/2024 va 2024/2025 oʻquv yillarga moʻljallangan shartnomaga asosan tayinlanadi;
j) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab Universitet rektori Universitetning Vasiylik kengashi talablariga asosan tashkil etiladigan xalqaro tanlov asosida 5 yil muddatga tuziladigan shartnomaga muvofiq ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri tomonidan tayinlanadi. Bunda rektor tomonidan shartnoma shartlari buzilgan holatlarda, vazir tashabbusi bilan shartnoma bir tomonlama bekor qilinishi mumkin;
z) Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Universitetda iqtidorli talabalar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlat granti quyidagilarga beriladi:
tegishli xalqaro dasturlar (International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) boʻyicha diplom yoki sertifikatga ega boʻlgan Prezident maktablarining bitiruvchilari;
Vazirlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan texnikumlar bitiruvchilari ushbu muassasalar uchun ajratilgan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida;
Ekologiya boʻyicha xalqaro olimpiada (INEPO), Matematika boʻyicha xalqaro olimpiada (IMO), Fizika boʻyicha xalqaro olimpiada (IPO), Kimyo boʻyicha xalqaro olimpiada (ICO), Biologiya boʻyicha xalqaro olimpiada (IBO), Geografiya boʻyicha xalqaro olimpiada (IGO), Informatika boʻyicha xalqaro olimpiada (IIO) va Yer fani boʻyicha xalqaro olimpiada (IESO) gʻoliblari;
Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
Universitetga kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalarning farzandlari.
6. Quyidagilar:
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti vasiylik kengashining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetining faoliyatini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Belgilansinki, Vasiylik kengashi Universitetning oliy boshqaruv organi hisoblanadi va quyidagilarni amalga oshiradi:
korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etgan holda, Universitetning rivojlanish strategiyasini, siyosatini va faoliyatining umumiy boshqaruvini tasdiqlash;
Universitetni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish, uning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish uchun budjetdan tashqari mablagʻlar, homiylik xayriyalari va boshqa manbalarni jalb etishga koʻmaklashish;
Universitetga ajratilgan binolarni taʼmirlash va tiklash uchun zarur mablagʻlarni safarbar etish, ushbu binolarni zamonaviy oʻquv va laboratoriya jihozlari, inventar, kompyuter hamda boshqa tashkiliy jihozlar, kutubxona fondi bilan jihozlash;
Universitetga talabalarni qabul qilish va oʻqitish shartlarini belgilash;
budjet ijrosi boʻyicha yillik hisobotlarni hamda Universitet faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqish va tasdiqlash;
Universitet tuzilmasini tasdiqlash va unga oʻzgartirishlar kiritish;
Ekologiya jamgʻarmasi va Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan professor-oʻqituvchilar tarkibi, boshqaruv va boshqa xodimlarni qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish, ustama va mukofotlar belgilash.
8. Vazirlik va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining:
Universitet tuzilmasida xayriya mablagʻlari hisobidan toʻldiriladigan maqsadli jamgʻarma (endowment fund) hamda Etnoekologiya ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish;
Universitetga 1 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti va umumiy oʻrta taʼlim maktabini ularning taʼlim jarayonida sohadagi ilmiy va amaliy yondashuvlarni qoʻllash uchun biriktirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Belgilansinki, Etnoekologiya ilmiy-tadqiqot markazi Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan binoga bepul joylashtiriladi.
9. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Vazirlikning Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida koʻrsatilgan xizmatlardan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Belgilansinki, 2023-yilda Universitetni saqlash va xodimlarning mehnatiga haq toʻlash xarajatlari Vazirlikning Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, 2024-yildan esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
91. Belgilansinki, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetining xalqaro hamkorlik va aloqalar boʻlimi boshligʻi, reja-moliya boʻlimi boshligʻi, bosh auditor, bosh hisobchi lavozim maoshlari oliy taʼlim muassasasining fakultet dekani bazaviy lavozim maoshiga, boshqa boʻlim boshliqlari, markaz va direksiya rahbarlari, katta yuriskonsult, matbuot kotibi, ilmiy kengash kotibi va universitet kengashi kotibi lavozim maoshlari oliy taʼlim muassasasining fakultet dekani oʻrinbosari bazaviy lavozim maoshiga, boʻlim boshligʻi oʻrinbosarlari, bosh hisobchi oʻrinbosari, bosh energetik, bosh muhandis lavozim maoshlari oliy taʼlim muassasasining katta oʻqituvchi bazaviy lavozim maoshiga, bosh mutaxassis, bosh iqtisodchi, psixolog, oliy maʼlumotli yetakchi mutaxassis, uslubchi, ilmiy-tadqiqot ishlari boʻyicha muhandis, kabinet mudiri, buxgalter, iqtisodchi va kutubxonachi lavozim maoshlari oliy taʼlim muassasasining oʻqituvchi-stajyori bazaviy lavozim maoshiga tenglashtiriladi.
10. Vazirlik:
a) bir oy muddatda:
Universitetning taʼsis hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlash va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazishni taʼminlasin;
muzokaralar natijalari boʻyicha mahalliy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan uzoq muddatli kelishuvlarga erishish choralarini koʻrsin;
2023/2024 oʻquv yilidan boshlab joriy etiladigan yoʻnalishlarni (mutaxassisliklarni) belgilasin;
b) ikki oy muddatda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi koʻmagida Universitetni malakali professor-oʻqituvchilar va boshqaruv xodimlari, shu jumladan, xorijiy davlatlar mutaxassislari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
v) Universitetga homiylik, grant va budjetdan tashqari mablagʻlar, texnik yordam, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlarni jalb qilishda koʻmaklashsin.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Universitet uchun 2023-yil 1-sentabrga qadar 5 ta avtotransport vositasi, shu jumladan, 1 ta vakillik, 2 ta xizmat, 1 ta navbatchilik va 1 ta xizmat avtobusini xarid qilish hamda ularga texnik xizmat koʻrsatish uchun limit ajratsin.
12. “Uzbekistan Airways” AJ 2025-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan muddatda Universitet uchun zarur boʻlgan adabiy fond va moddiy-texnik vositalarni begʻaraz tashilishini taʼminlasin.
13. Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Darxon qoʻrgʻoni, Chimkent yoʻli koʻchasi 2-uy manzilida joylashgan Oʻrmon xoʻjaligi texnikumining bino va inshootlari tutash hududi bilan birgalikda Universitetga operativ boshqarish huquqi bilan begʻaraz berilsin.
14. Vazirlik hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2023-yil 1-oktabrga qadar:
Vazirlikning Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Universitetni kompyuterlar va boshqa tashkiliy jihozlar, shu jumladan, masofaviy va onlayn taʼlimni tashkil etish uchun zarur boʻlgan oʻquv jihozlari bilan taʼminlasin;
Universitetni mebel (partalar, stollar, stullar va boshqalar), inventar, zamonaviy laboratoriya jihozlari, shuningdek, oʻquv adabiyotlari va kutubxona fondi bilan — Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Fan, innovatsiya va oliy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan jihozlash choralarini koʻrsin.
15. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Universitetning axborot-resurs markazi faoliyatini yoʻlga qoʻysin hamda oʻquv jarayoni uchun zarur boʻlgan barcha modul va ilovalarning ulanishini taʼminlasin;
Universitet axborot-resurs markazining Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining elektron axborot-kutubxona resurslariga ulanishini tashkil etsin hamda barcha turdagi xizmatlardan, shu jumladan, tan olingan ilmiy nashriyot maʼlumotlar bazalaridan bepul foydalanish imkoniyatini yaratsin.
16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Vazirlikning asosli hisob-kitoblariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasini 2023-yilda va undan keyingi yillarda rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirishda yangi bino va inshootlar qurish, Universitetning mavjud bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, shuningdek, unga tutash hududlarni obodonlashtirish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvarga qadar respublikada ishlab chiqarilmaydigan, oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar asosida Universitet uchun olib kiriladigan oʻquv va ilmiy laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, multimedia mahsulotlari, oʻquv va ilmiy-metodik adabiyotlar, inventar va moddiy-texnika resurslari bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar va qoʻshilgan qiymat soligʻidan tashqari) ozod qilinadi.
17. Tashqi ishlar vazirligi 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Universitetning talabnomalariga muvofiq belgilangan tartibda:
ushbu qarorni amalga oshirish doirasida chet ellik oʻqituvchilar, olimlar va mutaxassislarga, ularning oila aʼzolariga konsullik va boshqa yigʻimlar undirmagan holda bepul kirish vizalari, shuningdek, chet ellik talabalarga Universitetda oʻqishning butun davri uchun uzoq muddatli koʻp martalik kirish vizalari berilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasining elchixonalari orqali Universitet kutubxona fondini yigʻish va yetkazib berishda koʻmaklashsin.
18. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Universitetning talabnomalariga muvofiq respublikaga chet eldan oʻqituvchilar, olimlar va mutaxassislarni jalb qilishga ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), ularga respublika hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalar, shuningdek, sertifikatlar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.
19. Belgilansinki, 2023-yil 1-sentabrdan boshlab:
a) oliy taʼlim muassasalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, oʻrmonchilik, “yashil” iqtisodiyot va gidrometeorologiya va boshqa talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlaridagi eng iqtidorli talabalari uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri stipendiyasi taʼsis etiladi.
Bunda, toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarning bir yillik toʻlov-kontrakt summasi qoplangan holda, har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarida, davlat granti asosida taʼlim olayotgan talablarga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravarida Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan stipendiyalar tayinlanadi;
b) talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlaridagi yetuk, istiqbolli mutaxassislar, ayniqsa, pedagog va ilmiy kadrlarni tanlash hamda ularning taʼlim olishini tashkil etish uchun:
“El-yurt umidi” jamgʻarmasining 2023 — 2026-yillarda xorijdagi nufuzli taʼlim tashkilotlarida ushbu yoʻnalishlarda doktorantura (PhD) va magistraturada oʻqitish dasturi (keyingi oʻrinlarda — oʻqitish dasturi) joriy qilinadi;
oʻqitish dasturi doirasida mutaxassislar xorijiy mamlakatlarning nufuzli taʼlim va ilmiy muassasalariga “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xorijda taʼlim olish uchun nomzodlarni tanlab olish tartibiga muvofiq yuboriladi;
oʻqitish dasturi doirasida 50 nafar iqtidorli mutaxassislar, shu jumladan, ularning 40 nafari magistratura bosqichida va 10 nafari doktorantura (PhD) bosqichida oʻqitiladi;
oʻqitish dasturi doirasida xorijiy taʼlim tashkilotlari va ilmiy muassasalarda tahsil olib, magistratura va doktoranturani bitirib qaytgan mutaxassislarga Vazirlikning yoʻllanmasi asosida taʼlim muassasalari hamda tegishli sohalardagi tashkilotlarda kamida 5 yil davomida uzluksiz faoliyat olib borish yoki xorijda taʼlim olish xarajatlarini 12 oy davomida ikki baravar miqdorda “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga qaytarish majburiyati yuklanadi.
20. Vazirlik Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 31-may,
PQ-174-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-174-son qaroriga 1-ILOVA
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti Vasiylik kengashi
TARKIBI
1.A. Abduxakimov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi, Vasiylik kengashi raisi2.Lavozimi boʻyicha—Markaziy Osiyo mamlakatlarining tegishli vazirliklari tomonidan tavsiya etiladigan nomzodlar, Vasiylik kengashi hamraislari (kelishuv asosida)3.A. Tuychiyev—Oliy Majlis Senati Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi (kelishuv asosida)4.X. Gapparov—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi raisi (kelishuv asosida)5.S. Vaxba—Jahon banki Yevropa va Markaziy Osiyo uchun barqaror rivojlanish boʻyicha mintaqaviy direktori (kelishuv asosida)6.S. Kim—Global yashil oʻsish instituti ijroiya direktori (kelishuv asosida)7.M. Mumba—Suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili boʻlgan xalqaro ahamiyatga ega suv-botqoq yerlar toʻgʻrisidagi konvensiya Bosh kotibi (kelishuv asosida)8.I. Kutbiddinov—Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri oʻrinbosari10.B. Mamedov—Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi ijrochi direktori (kelishuv asosida)11.B. Pulatov —Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti rektori, Vasiylik kengashi kotibi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-174-son qaroriga 2-ILOVA
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetining faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
