Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2022-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida (SQ-742-IV-son)
02.06.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2022-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini eshitib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganini taʼkidlaydi.
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2022-yildagi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bank tizimini isloh qilish boʻyicha qaror va farmonlarida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning ijrosiga qaratilgan.
Xususan, pul-kredit siyosati va makroprudensial choralarni inflatsiyaga monetar omillar taʼsiri darajasini qisqartirish, bank tizimida potensial xatarlar taʼsirini minimallashtirish, mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor berilgan.
Tashqi iqtisodiy noaniqliklar hamda aholi va tadbirkorlik subektlarining inflatsion kutilmalaridan kelib chiqib, hisobot yilida pul-kredit siyosatining qatʼiylik darajasi turlicha shakllangan. 2022-yil mart oyida asosiy stavka yillik 17 foizgacha koʻtarilgan boʻlsa, II chorakdan boshlab makroiqtisodiy sharoitlarning barqarorlashuvi, ayrim inflatsion xatarlarning yuzaga kelish ehtimolining pasayishi hisobiga Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 15 foizgacha tushurilgan. Bank tizimi umumiy likvidligining ortib borishi sharoitida pul-kredit siyosati instrumentlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritib borilgan.
Amalga oshirilgan ushbu chora-tadbirlar inflatsiya darajasi yuqori surʼatlarda oʻsishini jilovlash imkonini berdi va 2022-yil yakunlari boʻyicha inflatsiya 12,3 foiz darajasida qayd etilgan.
Hisobot yilida iqtisodiyotni moliyalashtirishda xususiy investitsiyalarni ragʻbatlantirish, tadbirkorlik subektlarining ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va yuqori qoʻshilgan qiymatli yangi ishlab chiqarish loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash ishlari izchil davom ettirilgan.
Aholi va tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadlariga 203 trln soʻm yoki 2021-yilga nisbatan 22 foizga koʻp kredit mablagʻlari ajratildi, kredit qoʻyilmalari qoldigʻi 403 trln soʻmga yetgan.
Ajratilgan kreditlarning 43,7 foizi sanoatni rivojlantirishga, 22 foizi savdo va umumiy ovqatlanish, 11,6 foizi qishloq xoʻjaligi, 5,7 foizi qurilish hamda 5,2 foizi transportva kommunikatsiya sohalariga yoʻnaltirilgan.
Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 424 mingdan ortiq loyihalarga 9,9 trln soʻmdan ortiq imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilgan.
Aholiga ajratilgan kreditlar 2021-yilga nisbatan 1,6 barobarga oʻsib, 65,3 trln soʻmni tashkil qilgan. Kredit mablagʻlarining 25,6 foizini mikroqarz, 22 foizini ipoteka kreditlari, 33 foizini isteʼmol kreditlari, 14 foizini mikrokreditlar tashkil etgan.
2022-yilda banklarning kapitallashuv darajasi 12 foizga oshib, yil yakunlari boʻyicha qariyb 80 trln soʻmga, ustav kapitali 9 foizga oʻsib, 60 trln soʻmga yetgan.
Bank tizimini isloh qilish strategiyasi doirasida davlat ishtirokidagi banklarni transformatsiya qilishga qaratilgan ishlar davom ettirilib, “Ipotekabank” va “Oʻzagroeksportbank”dagi davlat ulushini xorijiy investorlarga sotish jarayonlari yakunlangan.
Natijada bank sektori aktivlari umumiy hajmida davlat ulushi mavjud banklar aktivlari 2021-yildagi 81,5 foizdan 2022-yilda 78,2 foizgacha pasaygan.
Aholiga respublika va xorijiy toʻlov tizimlari infratuzilmasida bir karta orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi kobeydjing bank kartalari soni 2021-yilga nisbatan 2,7 barobarga oshgan va 1,7 millionga yetgan.
Shu bilan birga, oʻrganishlar Markaziy bank tomonidan tijorat banklari faoliyatini nazorat qilish va tartibga solish ishlari yetarli darajada emasligini koʻrsatmoqda.
Xususan, 2022-yilda bazaviy inflatsiya darajasi (13,8 foiz) umumiy inflatsiya darajasidan (12,3 foiz) yuqori darajada shakllangan hamda aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflatsion kutilmalari yuqoriligicha saqlanib qolgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy yetish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4996-sonli qarorida belgilangan tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish samaradorligini oshirish va ular tomonidan tartibga solish talablari (SubTech va RegTech) bajarilishini soddalashtirish ishlari Markaziy bank tomonidan yakuniga yetkazilmagan.
Bank tizimida axborot ayirboshlashni raqamlashtirish ishlari sust tashkil etilib, Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari hamda tijorat banklari va ularning filiallarida aksariyat hisobotlar qogʻoz shaklida yuritilishi oqibatida hisobotlar unifikatsiya qilinmagan.
Toʻlov tizimlari bilan bogʻliq kiberxavfsizlik xatarlarini aniqlash, ularning oldini olish hamda kibertahdidlar va moliyaviy firibgarlikka qarshi taʼsirchan choralar koʻrib borilgan boʻlsa-da, turli firibgarlik yoʻllari bilan fuqarolarning bank kartalaridagi mablagʻlarni oʻzlashtirish holatlari hamon saqlanib qolmoqda.
Shuningdek, bank va masʼul tashkilotlar xodimlari tomonidan fuqarolarni xabardor qilmay (ularning roziligisiz) ularning nomiga soxta hujjatlar rasmiylashtirish yoʻli bilan kreditlar olish, kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlari kuzatilmoqda.
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunning 69-moddasiga zid ravishda 2022-yilning yanvar-sentabr oylarida banklar va boshqa kredit tashkilotlariga qoʻllanilgan 36 ta sanksiya toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Markaziy bankning rasmiy veb-saytida toʻliq eʼlon qilinmagan va undagi maʼlumotlar muntazam ravishda yangilab borilmagan.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlariga kredit ajratish jarayonida shaffoflik yoʻqligi, inson omilining yuqoriligi kredit olish jarayonini qiyinlashtirib, byurokratik toʻsiqlar paydo boʻlishiga olib kelgan. Xususan, hisobot yilida Markaziy bankka kelib tushgan murojaatlarning 4 979 tasi (93,9 foizi) bevosita tijorat banklari faoliyatiga oid boʻlib, shundan jami murojaatlarning 59 foizi (3 128 tasi) kredit munosabatlari bilan bogʻliq masalalar hissasiga toʻgʻri kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–55-sonli qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan boshlab dasturlar doirasida kreditlash jarayonlari toʻliq raqamlashtirilgan holda Yagona elektron platforma orqali ajratib kelinishiga qaramasdan inson omili aralashuvi cheklanmagan va kredit ajratish jarayonining ketma-ketligi taʼminlanmagan.
Jumladan, Fargʻona viloyatida tijorat banklari filiallari tomonidan 15 ta holatda 415,8 mln soʻmlik kreditlar 2022-yilda ajratilgan boʻlib, kredit shartnomalari yil oʻtgandan soʻng 2023-yil fevral oyida imzolanib oilakredit.uz dasturiga yuklangan.
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra banklar korrupsiyaning oldini olish choralari, bank xodimlarining odob-axloq qoidalari va manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan boʻlishiga qaramasdan, hisobot davrida Fargʻona viloyatida prokuratura organlari tomonidan 28 mlrd soʻmlik kreditlarni maqsadsiz sarflash va talon-taroj qilish holatlari yuzasidan 69 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Jinoyatlarni sodir yetgan 43 nafar bank xodimining 24 nafari bank mablagʻlarini talon-taroj qilganligi, 6 nafari firibgarlik va 13 nafari mansab vakolatini suiisteʼmol qilganligi uchun ayblangan.
Shuningdek, mazkur Qonun talablariga rioya qilinmagan holda Fargʻona viloyati tijorat banklari filiallari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlari ish yurituvidagi 13 ta ijro ishi boʻyicha 27 mlrd soʻmlik garov mulklari hozirgi kunga qadar tijorat banklari tomonidan balansga olish choralari koʻrilmagan hamda jami 20 ta holatda 72 mlrd soʻmlik ijro ishlari ijrosiz chaqirib olingan.
Mazkur holatlar Markaziy bank tomonidan tijorat banklari faoliyati ustidan prudensial nazoratni taʼminlashda alohida eʼtibor qaratishni talab etadi.
Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 9-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2022-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
a) narxlar barqarorligini taʼminlash hamda pul-kredit siyosati instrumentlarini takomillashtirish maqsadida:
2023-yilda inflatsiya darajasini 9,5 foizdan oshmasligini taʼminlash boʻyicha hukumat bilan birgalikda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
pul bozorida inflatsiya prognoziga nisbatan real foiz stavkalarining 2-3 foiz darajasida ijobiyligini taʼminlash va nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolgan holda inflatsiyaning monetar omillari pasaytirish choralarini koʻrsin;
inflatsiyaga nomonetar omillar taʼsirini pasaytirish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash maqsadida har bir omilning yuzaga kelish sabablarini chuqur tahlil etgan holda ularni bartaraf yetish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni hukumat, tegishli vazirlik va idoralarga kiritib borsin;
banklar oʻrtasida qisqa muddatli resurslarning samarali qayta taqsimlanishini taʼminlash maqsadida banklararo REPO bozori faoliyatini rivojlantirsin;
b) xalqaro bank-moliya tizimlarida yuz berayotgan salbiy holatlar mamlakatimiz bank tizimida takrorlanmasligiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida:
banklar faoliyatida tavakkalchilikka asoslangan nazorat tizimi doirasida mavjud xatarlarni aniqlash, bank tizimi moliyaviy barqarorligi va banklardagi kredit xatarlari dinamikasi toʻgʻrisida oʻrganishlar oʻtkazib borsin;
tavakkalchiliklarni boshqarish va ularning samaradorligini baholash maqsadida har bir bankning kredit portfelidagi ahamiyatli 20 ta yirik qarzdorning banklar moliyaviy holatiga taʼsiri boʻyicha doimiy monitoring oʻrnatsin;
d) aholiga xizmat koʻrsatish turlarini kengaytirish va sifatini yaxshilash, toʻlov tizimlari ishlashining barqarorligini va bank tizimida kiberxavfsizlikni taʼminlash borasida:
toʻlov xizmatlari isteʼmolchilarining moliyaviy xavfsizligini taʼminlasin va moliyaviy firibgarlik toʻgʻrisida xabardorligini oshirib borsin;
virtual kassaga ega boʻlgan savdo korxonalarida POS terminallari orqali bank kartasidan naqd pul berish amaliyotini (cash-out on POS) sinov tarzida joriy qilsin;
kommunal, davlat bojlari va jarimalar boʻyicha chakana toʻlovlarni amalga oshirishda aholidan qoʻshimcha vositachilik haqi olinishi amaliyotini qayta koʻrib chiqsin;
aholi va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatilayotgan bank va toʻlov xizmatlarining turi va sifatini oshirib borsin;
bank kartalari va boshqa toʻlov vositalaridan foydalanishning jalb etuvchanligini oshirish orqali naqd pulsiz hisob-kitoblar koʻlamini oshirish choralarini koʻrsin;
e) Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi bilan birgalikda:
tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish samaradorligini oshirish va ular tomonidan tartibga solish talablari (SubTech va RegTech) bajarilishini soddalashtirish, shuningdek, bank xizmatlari koʻrsatish sifatini tahlil qilish va kredit tavakkalchiliklarini baholash uchun sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilishni jadallashtirsin;
oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasidan foydalanish, shu jumladan, kreditlarni ajratish va rasmiylashtirish jarayonlarini takomillashtirib, unda inson omilini kamaytirish hamda toʻliq avtomatlashtirish choralarini koʻrsin;
f) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi bilan birgalikda:
banklar tomonidan aholi va tadbirkorlik subektlariga kredit ajratilishida mijozning (fuqaroning) biometrik maʼlumotlari (biografik maʼlumotlar, raqamli fotosurat va qoʻl barmoq izi) asosida verifikatsiya qilish tizimini tatbiq etish hamda ushbu amaliyotni joriy yilning oxirigacha sinov tariqasida vakolatli banklarda, 2025-yildan boshlab esa, barcha tijorat banklarida ishga tushirish;
verifikatsiya qilish jarayonini yoʻlga qoʻyish uchun Personallashtirish agentligi va Ichki ishlar vazirligining tegishli axborot tizimlarini yagona elektron platforma bilan toʻliq integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga:
hududlardagi investitsiya loyihalari doirasida kreditlarning ajratilishi, ularning maqsadli ishlatilishi yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatish;
kreditlarni ajratishda yoʻl qoʻyilayotgan qonun buzilishi holatlari yuzasidan deputatlik nazoratini kuchaytirish, zarur boʻlganda deputatlik soʻrovlari kiritish hamda davlat dasturlari doirasida ajratilgan kredit mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi borasida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari rahbari axborotini eshitib borish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (M. Nurmuratov) mazkur Qaror ijrosi yuzasidan 2024-yilning 15-fevraliga qadar har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (E. Gadoyev) zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2023-yil 2-iyun,
SQ-742-IV-son
