Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali moliyalashtiriladigan respublika darajasidagi davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bemorlarni dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida (3438-son)
31.05.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 31-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3438]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-oktabrdagi PQ-411-son “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali moliyalashtiriladigan respublika darajasidagi davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bemorlarni dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. INOYATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 30-may,
15-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri Sh. KUDBIYEV
2023-yil 30-may
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining 2023-yil 30-maydagi 15-son buyrugʻiga ILOVA
Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali moliyalashtiriladigan respublika darajasidagi davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bemorlarni dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi
nizom
Mazkur Nizom Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali moliyalashtiriladigan respublika darajasidagi davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bemorlarni dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan taʼminlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 28-iyuldagi PQ-5199-son qaroriga muvofiq Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali moliyalashtirish tizimiga oʻtkazilgan respublika darajasidagi davlat statsionar tibbiyot muassasalarida (bundan buyon matnda tibbiyot muassasasi deb yuritiladi) bemorlarni dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan tibbiyot muassasasi orqali taʼminlashga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
dori vositalari — kasalliklar profilaktikasi, ularga tashxis qoʻyish va ularni davolash, shuningdek odam organizmining holati va funksiyalarini oʻzgartirish uchun tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori moddalari (substansiyalar) va yordamchi moddalar asosida olingan vositalar, dori moddalari (substansiyalar), dori preparatlari;
ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy jihozlar — ijtimoiy ahamiyatga ega va atrofdagilar uchun xavf tugʻdiradigan kasalliklarning oldini olish hamda davolash uchun talab yuqori boʻlgan va aholi, tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻp foydalaniladigan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy jihozlarning roʻyxatiga kiritilgan dori vositalari va tibbiy jihozlar;
tibbiy jihozlar — kasalliklar profilaktikasi, tashxis qoʻyish, davolash, bemorlarni reabilitatsiya qilish va (yoki) sanab oʻtilgan jarayonlarni taʼminlash uchun, shuningdek odam organizmining holati va funksiyalarini aniqlash, tiklash, almashtirish hamda oʻzgartirish, monitoring qilish, homiladorlikning oldini olish uchun tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan, qoʻllanilishi natijasida odam organizmiga farmakologik, immunologik yoki metabolik taʼsir koʻrsatmaydigan, ayrim holda, majmua yoki tizimlar sifatida qoʻllaniladigan jihozlar, apparatlar, uskunalar, priborlar, asboblar, qurilmalar, majmualar va dasturiy taʼminotlar;
tibbiyot muassasasining Doimiy faoliyat koʻrsatadigan komissiyasi (bundan buyon matnda Doimiy faoliyat koʻrsatadigan komissiya deb yuritiladi) — tibbiyot muassasasida tashkil etiladigan va ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari hamda tibbiy jihozlariga boʻlgan ehtiyojni hisoblab chiqadigan va tasdiqlaydigan, ularni xarid qilish, hisobga olish, taqsimlash hamda qoʻllashni nazorat qiladigan komissiya.
3. Doimiy faoliyat koʻrsatadigan komissiya tibbiyot muassasasi rahbarining buyrugʻi bilan mazkur tibbiyot muassasasining malakali mutaxassislaridan kamida besh kishidan iborat tarkibda shakllantiriladi.
4. Tibbiyot muassasasida bemorlarni dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan taʼminlash xarajatlar smetasi boʻyicha ajratilishi koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi doirasida bepul, qolgan hollarda pullik asosda tibbiyot muassasasiga kirim qilingan narxlarda amalga oshiriladi.
2-bob. Tibbiyot muassasalarida dori vositalari va tibbiy jihozlarga boʻlgan ehtiyojni aniqlash
5. Tibbiyot muassasalarida dori vositalari va tibbiy jihozlarga boʻlgan ehtiyoj har yil uchun alohida har bir dori vositasi va tibbiy jihoz boʻyicha shakllantiriladi.
6. Dori vositalari va tibbiy jihozlarga (bundan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy jihozlar mustasno) boʻlgan ehtiyojni aniqlash quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
a) birinchi bosqich — tibbiyot muassasasining har bir boʻlimi oʻz faoliyat turidan hamda oʻtgan davr uchun bemorlarni taʼminlash maqsadida sarflangan dori vositalari va tibbiy jihozlar miqdoridan kelib chiqib, oʻzining kelgusi yil uchun ehtiyojini aniqlaydi hamda har yili 30-noyabrga qadar tegishli tibbiyot muassasasining Doimiy faoliyat koʻrsatadigan komissiyasiga taqdim etadi;
b) ikkinchi bosqich — Doimiy faoliyat koʻrsatadigan komissiya har yili 20-dekabrga qadar boʻlimlardan olingan ehtiyoj toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni umumlashtiradi hamda tibbiyot muassasasidagi shifo oʻrni, davolangan bemorlar hamda ularning oʻrtacha davolanish kunlari, davolash standartlari, klinik qoʻllanmalar, shuningdek koʻrsatilayotgan tibbiy yordam hajmidan kelib chiqqan holda tibbiyot muassasasining yigʻma ehtiyojini shakllantiradi.
Tibbiyot muassasalarida dori vositalari va tibbiy jihozlarga boʻlgan yigʻma ehtiyoj har yili 25-dekabrga qadar tibbiyot muassasasining rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
7. Tibbiyot muassasalarida dori vositalari va tibbiy jihozlarga (bundan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy jihozlar mustasno) boʻlgan ehtiyoj quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
E = S x B x V
bunda:
E — dori vositalari va tibbiy jihozlarga boʻlgan yillik ehtiyoj;
S — bir nafar bemorga bir kunlik davolash uchun sarflanadigan dori vositalari va tibbiy jihozlar miqdori;
B — bir nafar bemorda oʻtkaziladigan davolash kurslari davomiyligi;
V — davolash uchun dori vositasi va tibbiy jihoz qoʻllaniladigan bemorlarning yillik soni (kasallanish).
8. Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy jihozlarga boʻlgan ehtiyoj Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-sentabrdagi 741-son qarori bilan tasdiqlangan Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy buyumlarga ehtiyojni aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq aniqlanadi.
Bunda, ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari tarkibiga kiradigan narkotik va psixotrop moddalarga boʻlgan ehtiyoj Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 29-oktabrdagi 472-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq aniqlanadi.
3-bob. Tibbiyot muassasalarida dori vositalari va tibbiy jihozlarni xarid qilish va saqlash
9. Tibbiyot muassasalari tomonidan dori vositalari va tibbiy jihozlar mazkur tibbiyot muassasalarida aniqlangan yillik ehtiyojdan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq xarid qilinadi.
10. Tibbiyot muassasasi tomonidan yaroqlilik muddati 12 oydan kam boʻlmagan dori vositalar va tibbiy jihozlar xarid qilinadi.
Bunda, xarid qilinadigan dori vositalarining narxi belgilangan ulgurji referent narxlaridan yuqori boʻlmasligi lozim.
11. Xarid qilingan dori vositalari va tibbiy jihozlar tibbiyot muassassaning dorixonasida SanQvaN-0337-16 “Dorixonalar tuzilmasi, jihozlari va faoliyat yuritishi uchun sanitariya qoidalari va meʼyorlari” talablariga muvofiq saqlanadi.
4-bob. Tibbiyot muassasalarida bemorlarni dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan taʼminlash
12. Tibbiyot muassasasining dorixonasidan dori vositalari va tibbiy jihozlar tibbiyot muassasasining boʻlimlariga mazkur boʻlimlarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda, ularning talabnomasi asosida uch kunlik hajmda beriladi.
13. Tibbiyot muassasasining boʻlimlariga dori vositalari va tibbiy jihozlarning taqsimlanishi boʻyicha har bir holat Doimiy faoliyat koʻrsatadigan komissiya bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
14. Bemorlarga Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishi koʻzda tutilmagan dori vositalari va tibbiy jihozlarning qiymati bemorning oʻz mablagʻlari hisobidan tibbiyot muassasasining gʻaznasiga toʻlov qilish orqali qoplanadi.
15. Tibbiyot muassasasining dorixonasidan tibbiyot muassasasi boʻlimlari ehtiyoji uchun olingan dori vositalari va tibbiy jihozlarning kirim-chiqimi va hisobi boʻlim katta hamshirasi tomonidan kompyuterda maxsus elektron dastur yordamida yuritiladi.
16. Boʻlim hamshiralari shifokor tavsiyasi boʻyicha bemor uchun sarflangan dori vositasi va tibbiy jihozlar miqdorini ushbu dori vositalari va tibbiy jihozlar bemorga qoʻllanilgan vaqtning oʻzida bemorning familiyasi, ismi va otasining ismi hamda kasallik tarixining tartib raqami boʻyicha maxsus elektron dasturga kiritib qoʻyadi.
17. Dori vositalari va tibbiy jihozlarning kirim-chiqimi va sarflanishi boʻyicha maʼlumotlarning maxsus elektron dasturga oʻz vaqtida kiritilishi uchun boʻlim mudiri shaxsan javobgar hisoblanadi.
18. Tibbiyot muassasalarida xarid qilingan dori vositalari va tibbiy jihozlarning kunlik qoldigʻi hamda narxlari manbalar kesimida tibbiyot muassasalarining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi hamda muntazam yangilab boriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Tibbiyot muassasalarida bemorlarga belgilangan tartibda tibbiy yordamni tashkil etish, ularni tibbiyot muassasasi tomonidan dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan talab darajasida taʼminlash uchun tibbiyot muassasasining rahbari va ushbu muassasa dorixonasining mudiri javobgar hisoblanadi.
20. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
