34-modda. Tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-844-son) · Sana: 24.05.2023 · Amalda
Tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishga doir faoliyat yuridik shaxslar tomonidan tegishli litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda:
tamaki mahsuloti afzalliklarga ega yoki sogʻliq uchun xavf-xatarlarni kamaytiradi degan tasavvur hosil qiladigan;
gʻayrat va (yoki) hayotiy kuch (shu jumladan kofein, taurin, guarana) bilan bogʻlanadigan;
ajralib chiqadigan tamaki tutuniga rang berish xossalariga ega boʻlgan;
yonmaydigan shakldagi kanserogen, mutagen yoki reproduktiv toksik xossalarga ega boʻlgan moddalardan foydalanish taqiqlanadi.
Bir dona sigareta (filtrli yoki filtrsiz) yoki qizdiriladigan tamaki mahsuloti aerozolida (bugʻida, tutunida) nikotin miqdori bir milligramdan oshmasligi kerak.
Bir dona filtrli sigareta tutunida uglerod monooksidining miqdori oʻn milligramdan oshmasligi kerak.
Tamaki mahsuloti tarkibidagi inson hayoti va sogʻligʻi uchun zararli moddalar miqdorining mumkin boʻlgan eng yuqori darajalari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi.
