31-modda. Alkogol mahsulotlarining oʻralishiga va tamgʻalanishiga doir talablar
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-844-son) · Sana: 24.05.2023 · Amalda
Alkogol mahsulotlarining oʻralishiga va tamgʻalanishiga doir talablar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilanadi.
Alkogol mahsulotlarining oʻrovi ularning muomalasi jarayonida xavfsizligini va alkogol mahsulotlarining butun yaroqlilik muddati mobaynida (vinochilik mahsulotlari uchun — ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilanadigan saqlash muddati mobaynida) isteʼmol xossalari saqlanishini taʼminlashi kerak.
Alkogol mahsulotlarining tamgʻasi har bitta oʻrovning oʻqish uchun qulay joyiga (yorligʻiga, kontryorligʻiga, kolyeretkasiga va boshqa joylariga) bosiladi.
Alkogol mahsulotlarining (bundan tabiiy va koʻpiklanadigan vinolar mustasno) isteʼmol idishida yorliq asosiy yuzasining kamida qirq foizini egallaydigan matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirish boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va uning hududiga olib kiriladigan alkogol mahsulotlari (bundan tabiiy va koʻpiklanadigan vinolar, pivo va pivo ichimliklari mustasno) belgilangan namunadagi aksiz markalari bilan tamgʻalanishi shart.
