25-modda. Tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish va chilim chekish uchun maxsus ajratilgan joylarga doir talablar
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-844-son) · Sana: 24.05.2023 · Amalda
Tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar:
binolar va inshootlardan tashqaridagi ochiq havoda;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga mos keladigan va ventilyatsiya tizimlari bilan jihozlangan, ushbu Qonun 24-moddasining ikkinchi qismida sanab oʻtilgan jamoat joylariga taalluqli boʻlmagan alohida ajratilgan binolar, inshootlar va obyektlarda;
aeroportlarda reysga roʻyxatdan oʻtgan yoʻlovchilar turishi uchun moʻljallangan hududlarda hamda tranzit boʻyicha oʻtayotgan yoʻlovchilar uchun moʻljallangan hududlarda tashkil etilgan, ventilyatsiya tizimlari bilan jihozlangan va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish jarayonini boshqa xonalardan kuzatish imkoniyati istisno etiladigan maxsus ajratilgan alohida xonalarda;
poyezdlarning ishlash uchun moʻljallanmagan tamburlarida;
daryo kemalari palubalarining orqa tarafida tashkil etilishi mumkin.
Chilim chekish uchun maxsus ajratilgan joylar faqat chilim berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatiladigan, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq boʻlgan va ventilyatsiya tizimlari bilan jihozlangan alohida ajratilgan binolar, inshootlar va obyektlarda tashkil etilishi mumkin.
Tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish uchun maxsus ajratilgan joylarga tamaki mahsulotlarining qoldiqlari uchun yonmaydigan axlatdonlar, shuningdek bunday joylar qayerdaligi haqida axborot beruvchi koʻrsatkichlar oʻrnatiladi.
Tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish va chilim chekish uchun maxsus ajratilgan joylarda tibbiy ogohlantirishlar joylashtirilgan boʻlishi kerak.
