18-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi vakolatlari
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-844-son) · Sana: 24.05.2023 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi hududiy dasturlarning ishlab chiqilishini, tasdiqlash uchun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritilishini va bajarilishini taʼminlaydi;
aholi, eng avvalo, yigirma bir yoshga toʻlmagan shaxslar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga hamda alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning zarari toʻgʻrisidagi bilimlarni tarqatishga qaratilgan profilaktika tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlaydi;
tegishli hududda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining ijro etilishini taʼminlaydi;
fuqarolarning sogʻligʻini alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning salbiy taʼsiridan himoya qilish, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish masalalari yuzasidan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikni taʼminlaydi;
alkogolga yoki nikotinga qaram boʻlib qolgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordamini moliyaviy, moddiy-texnik, tashkiliy jihatdan taʼminlash masalalarini hal etadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
