14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlarining alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi vakolatlari
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-844-son) · Sana: 24.05.2023 · Amalda
Bojxona organlari:
alkogol va tamaki mahsulotlarining, tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining aylanishi jarayonida bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
alkogol va tamaki mahsulotlarining, tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali qonunga xilof ravishda olib oʻtilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyish boʻyicha tadbirlarni amalga oshiradi;
alkogol va tamaki mahsulotlarini, tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalarini Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali qonunga xilof ravishda olib oʻtilishining oldini olish, aniqlash va unga chek qoʻyish maqsadida xorijiy davlatlarning vakolatli organlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi va maʼlumotlar almashadi.
Bojxona organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
