10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi vakolatlari
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-844-son) · Sana: 24.05.2023 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning zarari toʻgʻrisidagi axborotni aholi, eng avvalo, yigirma bir yoshga toʻlmagan shaxslar oʻrtasida tarqatishga doir choralarni amalga oshiradi;
alkogol va tamaki mahsulotlariga, tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalariga doir majburiy talablarni belgilashga taalluqli boʻlgan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ishlarni tashkil etishda va ularni bajarishda ishtirok etadi;
fuqarolar sogʻligʻini alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning salbiy taʼsiridan himoya qilish bilan bogʻliq profilaktika ishlarini tashkil etish va oʻtkazish masalalari yuzasidan nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
alkogolga va nikotinga qaramlikni tashxislash hamda davolash sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqadi, ularga tibbiyot tashkilotlari tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
alkogol va tamaki mahsulotlari tarkibidagi inson hayoti hamda sogʻligʻi uchun zararli boʻlgan moddalar miqdorining yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori darajalarini belgilaydi;
alkogol mahsuloti idishining yorligʻiga yoki tamaki mahsulotining hamda tamakini va nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining isteʼmol oʻroviga (qutisiga) joylashtiriladigan tibbiy ogohlantirishlarning namunalarini ishlab chiqadi;
alkogolga yoki nikotinga qaramlikdan aziyat chekayotgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatilishini taʼminlaydi, alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish bilan bogʻliq boʻlgan surunkali kasalliklar hamda oʻlim holatlarining monitoringini amalga oshiradi;
fuqarolar, ayniqsa, yigirma bir yoshga toʻlmagan shaxslar oʻrtasida alkogol va tamaki mahsulotlarining isteʼmol qilinishini kamaytirish, maʼrifiy, tibbiy-sanitariya ishlarining taʼsirchanligini oshirish choralarini hamda jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan boshqa ijtimoiy, tashkiliy-huquqiy choralarni oʻz ichiga oluvchi samarali profilaktika tizimining yaratilishini va ishlashini taʼminlaydi;
