1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-844-son) · Sana: 24.05.2023 · Amalda
Ushbu Qonunning maqsadi alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonun fuqarolarning, eng avvalo, yigirma bir yoshga toʻlmagan shaxslarning sogʻligʻini alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning zararli taʼsiridan, bu bilan bogʻliq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan himoya qilishga, shuningdek jamiyatda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish hamda qaror toptirish uchun tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgandir.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
alkogol va tamaki mahsulotlarini, tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalarini jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik maqsadlarda ishlatish niyatisiz oʻz ehtiyojlari uchun olib kirishga;
alkogol va tamaki mahsulotlarini, tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalarini koʻrgazmaviy namunalar va sinovlar uchun namunalar sifatida yuridik shaxslar tomonidan olib kirishga;
eksportga realizatsiya qilish uchun moʻljallangan yoki Oʻzbekiston Respublikasining hududi orqali tranzit tarzida oʻtadigan alkogol va tamaki mahsulotlariga, tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan talablar ushbu Qonunning 37-moddasiga muvofiq aylanishi taqiqlangan tamaki mahsulotlariga, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlariga, shu jumladan elektron sigaretalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
