“Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqaro aviatsiyasida aviatsiya xavfsizligi boʻyicha instruktorlarni sertifikatsiyadan oʻtkazish” aviatsiya qoidalarini (OʻZR AQ-182) tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish haqida (2576-1-son)
23.05.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 23-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2576-1]
Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 14-martdagi OʻRQ-759-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-sentabrdagi PF-6065-son “Oʻzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2021-yil 23-martdagi PF-6191-son “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-yanvardagi 59-son “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini gʻayriqonuniy aralashuv harakatlaridan aviatsiya xavfsizligi jihatidan himoyalashni taʼminlash milliy dasturini tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2014-yil 4-apreldagi 44-n-son “Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqaro aviatsiyasida aviatsiya xavfsizligi boʻyicha instruktorlarni sertifikatsiyadan oʻtkazish” aviatsiya qoidalarini (OʻZR AQ-182) tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2576, 2014-yil 18-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 16 son, 188-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir I. MAXKAMOV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-may,
4-son
Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2023-yil 15-maydagi 4-son buyrugʻiga ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqaro aviatsiyasida aviatsiya xavfsizligi boʻyicha instruktorlarni sertifikatsiyadan oʻtkazish” aviatsiya qoidalarini (OʻZR AQ-182) tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Buyruq muqaddimasidagi “2000-yil 5-iyuldagi 256-son” degan soʻzlar “2019-yil 25-yanvardagi 59-son” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Qoidalarda:
a) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Qoidalar fuqaro aviatsiyasida aviatsiya xavfsizligi boʻyicha instruktorlarni sertifikatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.”;
b) 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Dastlabki sertifikatsiyadan oʻtish uchun instruktorlikka nomzod yoki takroriy sertifikatsiyadan oʻtish uchun aviatsiya xavfsizligi boʻyicha instruktor arizani komissiyaga taqdim etadi.”;
d) 16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Sertifikatsiya imtihonlaridan oʻtish uchun aviatsiya xavfsizligi boʻyicha instruktorlar va instruktorlikka nomzodlar sertifikatsiya imtihonlari oʻtkaziladigan joyga oʻz vaqtida pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi bilan yetib kelishi shart.”;
e) 17-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Sertifikatsiya imtihonlariga pasportsiz yoki identifikatsiya ID-kartasiz kelgan, shuningdek kechikib kelgan aviatsiya xavfsizligi boʻyicha instruktorlar va instruktorlikka nomzodlar sertifikatsiya imtihonlariga kelmagan hisoblanadi va navbatdagi sertifikatsiya imtihonlaridan oʻtadigan aviatsiya xavfsizligi boʻyicha instruktorlar va instruktorlikka nomzodlar roʻyxatiga kiritiladi.”.
