48-modda. Davlat qarzi boʻyicha majburiyatlarni bajarish
Davlat qarzi toʻgʻrisida (O‘RQ-836-son) · Sana: 29.04.2023 · Amalda
Qarz oluvchi-rezidentlar va loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi moliya tashkilotlari asosiy qarz boʻyicha toʻlovlarni, foizlarni hamda davlat qarzi boʻyicha boshqa toʻlovlarni oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan qarz mablagʻlari boʻyicha asosiy qarzning, foizlarning va boshqa toʻlovlarning oʻz vaqtida yoki toʻliq amalga oshirilmasligi ehtimoli yuzaga kelgan taqdirda, qarz oluvchi-rezidentlar yoki loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi moliya tashkilotlari vakolatli organni toʻlovga qobiliyatsizlik ehtimoli toʻgʻrisida toʻlov sanasidan kamida oʻttiz kun oldin yozma (elektron) shaklda xabardor qilishi kerak.
Vakolatli organga yuborilgan xabarnomada Oʻzbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan qarz mablagʻlari boʻyicha asosiy qarzni, foizlarni va boshqa toʻlovlarni toʻlashni amalga oshirish mumkin emasligi sabablari asoslantiriladi.
Agar vakolatli organ qarz oluvchi-rezidentlar yoki loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi moliya tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan qarz mablagʻlari boʻyicha asosiy qarzni, foizlarni va boshqa toʻlovlarni toʻlashni amalga oshirish mumkin emasligi sabablarini asosli deb topsa, vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan qarz mablagʻlari boʻyicha asosiy qarzni, foizlarni hamda boshqa toʻlovlarni yuborilgan xabarnomaga muvofiq toʻlashni mazkur qarz oluvchi-rezidentdan hamda loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi moliya tashkilotlaridan soʻzsiz va toʻliq undirish sharti bilan Kafolat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, Kafolat jamgʻarmasining mablagʻlari yetarli boʻlmagan taqdirda esa Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va boshqa manbalar hisobidan amalga oshiradi, aks holda, qarz oluvchi-rezidentlarni va loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi moliya tashkilotlarini qarz mablagʻlari boʻyicha asosiy qarzning, foizlarning hamda boshqa toʻlovlarning Kafolat jamgʻarmasi mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va boshqa manbalar hisobidan toʻlanishini rad etish toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Vakolatli organ qarz oluvchi-rezident qaytadan kreditlash toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq toʻlashi lozim boʻlgan toʻlovlar miqdoriga teng boʻlgan summani, agar ushbu toʻlovlar qaytadan kreditlash toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan muddatlarda toʻlanmasa, qarz oluvchi-rezidentlarning yoki loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi moliya tashkilotlarining barcha hisobvaraqlaridan istalgan valyutada soʻzsiz undirib olish huquqiga ega.
