“121-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda uning hududiy boʻlinmalarining vakolatlari
Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-829-son) · Sana: 11.04.2023 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi oʻz vakolatlari doirasida:
jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishishga qaratilgan yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlashda ishtirok etadi;
qonunchilikda belgilangan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash choralarini koʻradi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
qonunchilikda belgilangan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini berish toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarni va axborotni muntazam ravishda yigʻishni hamda tahlil qilishni taʼminlaydi;
davlat boshqaruvi organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishlari, shuningdek ularni keltirib chiqaruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritadi;
xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini koʻzlab sudlarga arizalar (shikoyatlar) va daʼvolar beradi;
qonunchilikda belgilangan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
zarur hollarda, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qiladi, ishchi guruhlar tuzadi.
