25-modda. Auditor malaka sertifikatining amal qilishini tugatish
“Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (78-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Auditor malaka sertifikatining amal qilishini tugatish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:
auditorning arizasi;
auditorlik tekshiruvi davomida auditor olingan maʼlumotlarni auditorlik tekshiruvi buyurtmachisining ruxsatisiz uchinchi shaxslarga berishi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
auditorlik faoliyatini amalga oshirayotganda qonun hujjatlari talablarini muntazam yoki bir marta qoʻpol ravishda buzganlik;
auditorlik tekshiruvi oʻtkazishda aniqlangan, xoʻjalik yurituvchi subyektning buxgalteriya hisobi yuritish, shuningdek moliyaviy hisobotni tuzish boʻyicha belgilab qoʻyilgan talablarni buzish faktlarining auditor tomonidan yashirganlik;
auditorlik faoliyatida uch yil davomida ishtirok etmaslik;
auditorning malaka sertifikati boshqa shaxsga topshirilgan boʻlib, mazkur shaxs ushbu hujjatni auditorlik faoliyatida ishtirok etish uchun oʻz nomidan foydalanish maqsadida ishlatganlik faktining aniqlanganligi;
sudning muayyan lavozimlarni egallash yoki moliya-xoʻjalik munosabatlari sohasida muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish tariqasidagi jazoni nazarda tutuvchi hukmining qonuniy kuchga kirganligi;
fuqaroni belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi sud qarori.
Auditor malaka sertifikatining amal qilishi uni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno.
Auditorlik tashkiloti litsenziyasining amal qilishini tugatishga sabab boʻlgan qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan auditorlik tashkiloti rahbarining, shuningdek auditorning malaka sertifikati amal qilishi litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
Maxsus vakolatli davlat organining auditor malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi — beshinchi va yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra malaka sertifikatining amal qilishi tugatilgan shaxs auditor malaka sertifikati amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch yil mobaynida malaka sertifikati olish toʻgʻrisidagi ariza bilan takroran murojaat qilishga haqli emas.
