23-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish
“Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (78-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
auditorlik tashkiloti litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
auditorlik tashkiloti tugatilganda;
qayta tashkil etilishi natijasida auditorlik tashkilotining faoliyati tugatilganda, bundan uning oʻzgartirilishi, shuningdek yangidan vujudga kelgan auditorlik tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan auditorlik tashkilotlarida litsenziya mavjud boʻlgan taqdirda qoʻshib yuborilishi mustasno;
auditorlik tashkiloti litsenziya talablari va shartlarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda;
auditorlik tashkiloti litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni maxsus vakolatli davlat organi yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
maxsus vakolatli davlat organining litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarori qonunga xilof ekanligi aniqlanganda.
Ushbu modda birinchi qismining beshinchi, oltinchi va yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda litsenziyaning amal qilishini tugatish sud qaroriga, boshqa hollarda esa maxsus vakolatli davlat organi qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Maxsus vakolatli davlat organining litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori auditorlik tashkilotiga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi. Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi sud qarori auditorlik tashkilotiga va maxsus vakolatli davlat organiga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yetkaziladi. Auditorlik tashkiloti litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida litsenziya maxsus vakolatli davlat organiga qaytarilishi va yoʻq qilinishi kerak.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi maʼlumot ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi kerak.
Litsenziyaning amal qilishi uning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
